Du - Sh 8:30-17:30
Ishonch telefoni 69 227 27 21
   2024-04-22 13:55:00   |      66

Jaholatga qarshi — ma'rifat — yoshlarning hayot tamoyili


Bu dunyo yaralibdiki, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik, jaholat va ma’rifat o‘rtasida azaldan urush bo‘lib kelgan. Biz tarixda juda ko‘plab jangu jadallarni, nizolarni ko‘rganmiz. Ularning maqsadi bitta: hududni egallash, boyliklarga ega bo‘lish, yaxshi yashashdan iboratdir. Birinchi va ikkinchi jahon urushlari tarix solnomasida katta iz qoldirgan. Bugun ham dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Kechagi yangilik bugunda o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. Bu soatlar emas, daqiqalar emas soniyalarda ro‘y berayotgan hodisotlardir.

Bugun ham dunyo urush maydoni ichida. Faqat hozir boylik, hudud uchun inson ma'naviyati, ma'rifati, dunyoqarashi orqali jang olib borilmoqda. Aslida bu asta-sekinlik bilan amalga oshiriladigan holatdir. Va jaholat botqog‘iga aynan dunyoni o‘zgartira oladigan kuchga ega yoshlar tanlab olinadi.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra yoshlardagi eng birinchi ta’sir kuchi — ularning ishonuvchanligi va hissiyotga berilib, tezda qaror qabul qilishadir. Ayniqsa, bu holatda ularning ruhiy holati juda muhim ahamiyat kasb etadi. Ulardagi passivlik tushkunlik, qandaydir ruhiy zarbalar, jamiyatdan chetta qolish bu jarayonni tezlashuviga sababchi bo‘ladi. Yana bir muhim jihat bugungi kunda axborotlarning to‘g‘ri yoki notoo‘ri ekanini ajrata olmaslik, ularni tahlil qilmaslik, ishonchli manbalardan foydalanmaslik radikallashuvga sababchi bo‘ladi.

Inson o‘z o‘zidan johil bo‘lib tug‘ilmaydi. Qandaydir tashqi ta’sir kuch uni shu yo‘ldan yurishga undaydi. Bu bolalikdagi kamsitilish, oiladagi nosog‘lom muhit, maktabda yoki uyda rag‘batning yo‘qligi — yanikim bola o‘ziga kerakli narsani qidiradi, o‘ziga yetishmayotgan narsani to‘ldirishga harakat qiladi. Oxir oqibat bu yo‘ldan chiqa olmaydi.

Yana bir haqiqat borki, inson har qanday salbiy illatning sababchisi o‘zidir. Uning ongidagi ma’naviy bo‘shliq shu yo‘lga kirishiga sababchi bo‘ladi. Har nimaga qaramasdan inson o‘ziga, diniga, oilasiga ishonsa, doimo jaholat ustidan g‘alaba qozonadi.

Bunda, eng avvalo, oila birinchi qadamdir. Chunki farzand tug‘ilibdiki, vaqtining ko‘p qismini oila davrasida o‘tkazadi. Yaqinlari ardog‘ida bo‘ladi. Oilada kuchli tartib-intizom, ishonch bo‘lsa, o‘sha oilaga jaholat unsurlari kirib kelmaydi. Bunda oila — mahalla — ta’lim tizimi birlikda ishlamog‘i lozim.

Ba’zan farzandlarim bergan vazifalarimni qilmasa, ularning ustozlariga yuzlanardim. Ularning bir-ikki gapidan keyin farzandlarim shunday odobli bolaga aylanar ediki, o‘ylab qolardim ustoz inson kamolatida, hayotida muhim ahamiyat kasb etar ekan. Ta’lim tizimida ma’rifatga asoslangan darslarning tashkil etilishi, m’rifiy tadbirlarning uyushtirilishi bejiz emas albatta

Jaholatni targ‘ib qiluvchi tahdidlar keng ko‘lamda, insonlarni o‘z izmiga bo‘ysundirgan internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali kirib kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, yoshlar ongini zaharlab, oilasiga, yaqinlariga, o‘zi yashab turgan mahallasiga yurtiga qarshi bo‘lishga, necha yillik an’analarni tan olmaslikka chaqiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72 sessiyasida so‘zlagan nutqida ilgari surilgan, fikr- mulohazalar, muhim hayotiy takliflar nafaqat mamlakatimiz uchun, balki butun dunyoni tashvishga solib kelayotgan masalalarning yechilishi uchun xizmat qildi.

Prezidentimiz so‘nggi yillarda tobora kuchayib borayotgan, dunyo ahlini tashvishga solayotgan terrorizm va ekstremizm tahdidlari mohiyatini jaholat va murosasizlik tashkil etishini qayd etib, bunday o‘ta xavfli illatga qarshi kuch ishlatish yo‘li bilan emas, balki boshqa omillar bilan kurashish va ildizini qirqishga, birinchi navbatda, yoshlarning ong va tafakkurini ma'rifat asosida shakllantirish orqali kuchli immunitet yaratish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Bir narsa aniqki, jaholatga hech qachon jaholat bilan javob berilmaydi. Ma’rifat bu eng katta quroldir. Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, uni yoshlar ongiga singdirishda “Jaholatga qarshi — ma'rifat” tamoyili unib-o‘sayotgan yosh nihollarning hayot tamoyili bo‘lishi lozim.

Bu tamoyilga erishishning yagona va birdan bir yo‘li bu ilm egallash va uni ulashishdir. Zero, buyuk faylasuf Abu Nasr Forobiy aytganidek, “Agar inson ezgulikka intilib yashasa, uning umri quvonchli va go‘zal kechadi, go‘zal hayot esa xalq nazarida ham, Alloh taolo nazdida ham yuksakdir”.

Nilufar Ibragimova,

Ijtimoiy fanlar fakulteti O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi