TA'LIMDA HALOLLIK— TARAQQIYOT POYDEVORI
23.10.2025 16:43:03 29
Namangan davlat pedagogika institutida “Ta’lim muassasalarida korrupsiyani oldini olish, unga qarshi kurashish, shuningdek, maishiy korrupsiyaga barham berish borasida barcha darajadagi rahbar va xodimlarning mas’uliyatini oshirish” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Namangan viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-marifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari O. Bazarov, Namangan viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i A. Gaffarov, Namangan viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori S. Dadamirzayev, Namangan viloyati hokimining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat shoʻbasi mudiri D.Nurmatov, Namangan davlat pedagogika instituti rektor maslahatchisi M.Xodjayev hamda viloyatdagi barcha oliy, kasbiy ta’lim tashkilotlari va akademik liseylarning rahbarlari ishtirok etdilar.
Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, so‘nggi yillarda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va halollik tamoyillarining amaliy ahamiyati atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Bozorov o‘z chiqishida ta’lim tizimida har bir rahbar va xodimning mas’uliyati, halolligi va fuqarolik pozitsiyasi eng muhim omil ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasizlik madaniyatini shakllantirish zarurligi alohida qayd etildi.
Prokuratura vakillari tomonidan korrupsiyaning oldini olish, shaffof boshqaruv mexanizmlarini kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish hamda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashdagi ochiqlik masalalari yuzasidan aniq tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish yakunida ta’lim muassasalarida “Halollik muhitini mustahkamlash – har bir jamoa a’zosi burchi” degan g‘oya asosida amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni muntazam amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.