English English English

Akademik mobillik ma'lumotlari

  03.03.2026 11:59:06    449


Akademik mobillik dasturi haqida.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qaroriga Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining akademik mobilligini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida NIZOM ishlab chiqildi.

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriat va magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalarining Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda - oliy taʼlim tashkilotlari) va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan akademik mobilligini tashkil qilish va amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Qonunchilik hujjatlari, jumladan, ushbu Nizomda koʻrsatilmagan holatlar oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan imzolangan oʻzaro kelishuv shartnomalariga muvofiq tartibga solinadi.

  1. Akademik mobillik quyidagi maqsadlarda tashkil etiladi:

talabalarga yetakchi ilmiy maktablar shakllangan oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish imkoniyatini yaratish;

talabalarning bilim sifati va rivojlanish darajasini oshirish;

talabalarning boshqa hududda tahsil olish zaruratini inobatga olgan holda, taʼlim olish imkoniyatini yaratish;

xorijiy va mahalliy taʼlim tizimlari yutuq hamda tajribalari bilan tanishish;

mutaxassislik boʻyicha amaliy koʻnikma va malakalarni egallash;

oliy taʼlim tashkilotining hamkorlik aloqalarini oʻrnatish;

taʼlimning integratsiyalashuvi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.

  1. Taʼlim shakli, kursi va taʼlim yoʻnalishi (mutaxassislik)ning mos boʻlishi oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining akademik mobilligini amalga oshirishning asosiy sharti hisoblanadi.
  2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

akademik mobillik - oliy taʼlim tashkiloti talabasining mahalliy (respublika hududidagi) yoki tashqi (xalqaro, xorijiy) boshqa oliy taʼlim tashkilotiga muayyan vaqt mobaynida oʻqish maqsadida borishi (yuborilishi);

kreditlarni tan olish - talabaning akademik mobilligini taʼminlash maqsadida bir oliy taʼlim tashkiloti taʼlim dasturi boʻyicha olingan kreditlarni boshqa oliy taʼlim tashkilotiga koʻchirish va tan olish;

mobillik dasturi - ikki yoki undan ortiq oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida oʻzaro taʼlim kelishuvi asosida tashkil etilgan akademik mobillik dasturi;

taʼlim kelishuvi - ikki yoki undan ortiq oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida oʻzaro taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuv asosida tashkil etilgan akademik mobillik dasturi asosida talabaning muayyan vaqt mobaynida tahsil olib borishini taʼminlovchi hamkorlikda imzolangan hujjat;

transkript - taʼlim olishning tegishli davrida oʻzlashtirilgan kreditlar va baholarning harf va raqamlardagi ifodasi koʻrsatib oʻtilgan fanlar roʻyxatini oʻz ichiga olgan, belgilangan shakldagi hujjat;

qabul qiluvchi oliy taʼlim tashkiloti - oʻzaro taʼlim kelishuviga muvofiq tashkil etilgan akademik mobillik dasturi asosida talabani oʻqishga qabul qiluvchi oliy taʼlim tashkiloti;

yuboruvchi oliy taʼlim tashkiloti - oʻzaro taʼlim kelishuviga muvofiq tashkil etilgan akademik mobillik dasturi asosida talabani oʻqishga yuboruvchi oliy taʼlim tashkiloti.

 

2-bob. Akademik mobillikni tashkil qilish

  1. Akademik mobillikni amalga oshirish muddati oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzaro kelishuv shartnomasiga asosan kamida bir semestr yoki koʻpi bilan ikki semestr boʻlishi lozim (xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, istisno tariqasida, muddatga oʻzgartirish kiritilishi mumkin).

Talaba akademik mobillikda oliy taʼlim tashkilotlarining qoʻshimcha shartnomalariga muvofiq ikkinchi marta ishtirok etishi mumkin.

  1. Akademik mobillik oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida imzolangan oʻzaro taʼlim toʻgʻrisidagi kelishuvga muvofiq oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrugʻiga asosan amalga oshiriladi.
  2. Akademik mobillikni amalga oshirishning umumiy jarayoni oliy taʼlim tashkilotining oʻquv-uslubiy boʻlimi (boshqarmasi) tomonidan muvofiqlashtiriladi. Bunda xorijiy oliy taʼlim tashkiloti bilan hamkorlikda akademik mobillikni tashkil etish oliy taʼlim tashkilotining xalqaro aloqalar boʻlimi (boshqarmasi) bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Akademik mobillikni tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha oliy taʼlim tashkiloti boʻlimlari (boshqarmalari)ning vazifalari oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.

Akademik mobillikni tashkil etishga umumiy rahbarlik oʻquv ishlari boʻyicha prorektor (direktor oʻrinbosari), boshqa tashkiliy ishlar tegishli boʻlim boshligʻi va fakultet dekanlari zimmasiga yuklatiladi.

  1. Akademik mobillik boʻyicha talabalar har bir oliy taʼlim tashkilotining mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi yoki yuboriladi.
  2. Oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida akademik mobillik boʻyicha alohida boʻlim yaratiladi. Ushbu boʻlimda hamkor oliy taʼlim tashkilotlari, akademik mobillik dasturlari (taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar kesimida), akademik mobillik doirasida oʻqish istagini bildirganlar uchun ariza topshirish tartibi, muddatlari, taqdim etiladigan (elektron shaklda yuklanadigan) hujjatlar, arizalarni koʻrib chiqish bosqichlari va boshqa maʼlumotlar joylashtiriladi.

Shu bilan birga, mazkur maʼlumotlar masʼul va tegishli boʻlimlar tomonidan doimiy monitoring qilinib, yangiliklar bilan toʻldirib boriladi.

  1. Professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlarning akademik mobilligini tashkil etish oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzaro kelishuv shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
  2. Talabalar akademik mobillik uchun yuboruvchi va qabul qiluvchi oliy taʼlim tashkiloti rektorlari (direktorlari) tomonidan alohida belgilangan shartlar asosida saralanadi.

Bunda oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan talabalarning qobiliyatlari, oʻzlashtirish koʻrsatkichlari hamda oliy taʼlim tashkilotining mavjud imkoniyatlari (moddiy-texnik bazasi, professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlanganlik darajasi hamda akademik mobillikning professor-oʻqituvchilar oʻquv yuklamasiga taʼsiri) inobatga olinadi.

Talabgorlarni saralashning adolatli, shaffof, manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarmagan holda oʻtkazilishi oliy taʼlim tashkilotlari rektorlari (direktorlari) zimmasiga yuklatiladi.

  1. Taʼlim sifati hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining vakillari tomonidan nazorat qilinishi mumkin.
  2. Talaba hamkor oliy taʼlim tashkilotida oʻqish davri yakunlangandan soʻng oʻzlashtirgan fanlari, baho (ball) yoki kreditlarni tasdiqlovchi transkriptni asosiy taʼlim olayotgan oliy taʼlim tashkiloti oʻquv-uslubiy boʻlimi (boshqarmasi)ga taqdim etadi.
  3. Yuboruvchi oliy taʼlim tashkilotining oʻquv rejasidagi muayyan semestr fanlari boʻyicha talabalar tomonidan akademik mobillik davrida toʻplangan kreditlar mos ravishda tan olinadi.

Talaba akademik mobillik davrida belgilangan kreditlarni toʻplay olmagan yoki fanlar farqi aniqlangan taqdirda, yuboruvchi oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) yozma ruxsati bilan ushbu fanlardan kreditlarni oʻzi tahsil oladigan oliy taʼlim tashkilotida pulli asosda oʻzlashtirishi mumkin.

Yuboruvchi oliy taʼlim tashkiloti rektori (direktori) akademik mobillikda ishtirok etgan talabaning toʻplagan kreditlari va ularni tan olish, oʻzlashtirmagan fanlarga koʻra akademik qarzdor deb hisoblash, ularni oʻzlashtirish shartlarini belgilaydi.

  1. Talabalar birinchi kursning birinchi semestrida, bitiruvchi kursning soʻnggi semestrida, shuningdek, kursdan-kursga qolgan talaba soʻnggi oʻqigan semestridan keyingi semestrda tahsil olish boʻyicha akademik mobillik dasturida ishtirok etishi mumkin emas.
  2. Moliyaviy masalalar, jumladan, akademik mobillikda ishtirok etayotgan talabalarning kontrakt, stipendiya toʻlovlari va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan imzolangan oʻzaro kelishuv shartnomasida belgilangan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi.

 

3-bob. Hamkor oliy taʼlim tashkilotlarida akademik mobillikni tashkil etish tartibi

  1. Mos yoki turdosh soha boʻyicha akademik mobillikni amalga oshirmoqchi boʻlgan talaba hamkor oliy taʼlim tashkiloti bilan oʻzaro kelishuv shartnomasi boʻlgan taqdirda, quyidagi maʼlumotlar toʻplamini ilova qilgan holda rektor nomiga ariza bilan murojaat qiladi (kuzgi va bahorgi semestr oxirida elektron tarzda):

talabaning F.I.O., fakulteti va guruhi;

safardan maqsad;

borishi moʻljallangan joy;

safarga borish muddati (akademik mobillik davomiyligi kamida bir semestr yoki koʻpi bilan ikki semestr boʻlishi lozim);

safar bilan bogʻliq xarajatlarning moliyalashtirish manbalari.

  1. Mobillik maqsadida safarga yuborish boʻyicha ijobiy qaror qilingan taqdirda, belgilangan tartibda safarga yuborish haqidagi hujjatlar rasmiylashtiriladi.
  2. Akademik mobillik dasturini yakunlash shartlari hamkor oliy taʼlim tashkilotining akademik taqvimiga muvofiq individual ravishda belgilanadi.

4-bob. Yakunlovchi qoida

  1. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.