Yoshlar rahbarlikda — yangi tajriba, yangi imkoniyat!
03.11.2025 23:08:13 6
Namangan davlat pedagogika instituti Aniq va tabiiy fanlar fakultetida yoshlar tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilayotgan loyiha doirasida faol va iqtidorli talaba Asror Erkinov bir kun davomida fakultet dekani vazifasini bajarib, o‘zining boshqaruv salohiyatini amalda namoyon etdi.
Dastlab A.Erkinov fakultet dekani bilan uchrashib, rahbarlik faoliyati, boshqaruv jarayonlari va jamoaviy ishlash tamoyillari bo‘yicha muhim tavsiyalar oldi. Shundan so‘ng u o‘z xonasida ish faoliyatini boshladi va kunlik vazifalarni bajarishga kirishdi.
Kun davomida Asror Erkinov rahbarligida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
• dekanat xodimlari bilan yig‘ilishlar o‘tkazildi;
• professor-o‘qituvchilar bilan suhbatlar tashkil etilib, o‘quv jarayonini yanada takomillashtirish bo‘yicha fikr almashildi;
• talabalarning taklif va muammolari tinglandi;
• “Art pedagogika”, “Intellektual fanlar va axborot texnologiyalari” hamda “Tabiiy fanlar” kafedralari faoliyati bilan yaqindan tanishildi;
• ta’lim sifati hamda talabalar faolligini oshirishga qaratilgan yangi g‘oyalar va tashabbuslar ilgari surildi.
Asror o‘zining mas’uliyatli yondashuvi, tashkilotchilik qobiliyati va samimiy muloqotlari bilan jamoa e’tiborini qozondi. Ustozlar ham, talabalar ham uning faoliyatidan iliq taassurot oldilar.
Bunday amaliy tajribalar yoshlar uchun o‘z kuchini rahbarlikda sinab ko‘rish, mustaqil qaror qabul qilish, jamoa bilan ishlash va liderlik fazilatlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Asror Erkinovning bugungi faoliyati fakultet jamoasi uchun nafaqat ibrat, balki kelajakdagi yosh rahbarlar uchun motivatsion tajriba sifatida esda qoldi.