NamDPI: Ijtimoiy ish ta’limida amaliyot va nazariya uyg‘unlashmoqda
19.11.2025 08:14:07 4
Namangan davlat pedagogika instituti Ijtimoiy ish yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlari O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyati boshqarmasi bilan amaldagi hamkorlik va kelishuv shartnomalari asosida ilmiy-metodik uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ijtimoiy himoya tizimida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish, talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish, sektor mutaxassislari ishtirokida o‘quv jarayoniga innovatsion metodlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Agentlik mutaxassislari tomonidan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning amaliy jarayonlari, yangi me’yoriy-huquqiy talablar hamda real ish tajribalari yuzasidan ma’lumotlar berildi. Talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar, master-klasslar va savol-javoblar tashkil etildi.
Mazkur hamkorlik uchrashuvi ijtimoiy ish ta’limida amaliyot va nazariya uyg‘unligini ta’minlash, talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda dual ta’limni bosqichma-bosqich joriy etishga xizmat qiladi.