XOTIRA AZIZ, QADR MUQADDAS!
07.05.2026 13:06:15 25
Namangan davlat pedagogika instituti Pedagogika fakulteti tyutorlari M. Boytillayev va M. Tojiboyeva tashabbusi bilan Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabalari tomonidan Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 104 yoshni qarshilagan Muhammadibrohim ota Inomov xonadoniga tashrif buyurildi.
Tashrif davomida talabalar tomonidan otaning xonadoni obodonlashtirilib, hovli supurilib, atrof-muhit tartibga keltirildi. Uy-joy saramjon-sarishta holga keltirilib, keksa nuroniyga hurmat va ehtirom ko‘rsatildi. Bu jarayon talabalarda nafaqat mehnatsevarlik, balki yoshi ulug‘larga g‘amxo‘rlik qilish, milliy qadriyatlarni qadrlash kabi fazilatlarni mustahkamladi. Shuningdek, talabalar xonadonda tashkil etilgan kichik uy muzeyi bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur muzeyda Ikkinchi jahon urushi yillariga oid esdaliklar, suratlar, hujjatlar va turli tarixiy buyumlar saqlanib kelinayotgani ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Talabalar ushbu eksponatlar orqali urush davrining murakkab va sinovli lahzalari haqida tasavvur hosil qildilar. Tashrifning eng mazmunli qismi Muhammadibrohim ota bilan bo‘lib o‘tgan samimiy suhbat bo‘ldi. Ota o‘zining hayot yo‘li, urush yillaridagi xotiralari, boshidan kechirgan sinovlari hamda bugungi tinch va osoyishta hayotning qadriga yetish zarurligi haqida yoshlar bilan o‘rtoqlashdi. Talabalar esa otaning hayotiy tajribasidan ilhomlanib, yurtga sadoqat, tinchlikni qadrlash va fidoyilik ruhini yanada chuqur his etdilar.
Mazkur tashrif talabalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasini boyitishda, ularni tarixiy xotira va ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.