“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Chustda “Kasb markazlari” ochildi
18.06.2025 11:08:26 35
Yozgi taʼtil vaqtida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari, talabalar hamda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga yoʻnaltirish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Namangan viloyatining Chust tumani 1-sonli politexnikumida “Kasb markazlari” tadbirining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tashabbus xorijiy ilgʻor tajribalar asosida tashkil etilib, yoshlar uchun zamonaviy kasb va texnik yo‘nalishlarda amaliy mashgʻulotlar, ko‘nikmalar va mutaxassisliklar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratishga xizmat qiladi.
Tadbirda viloyatdagi turli ta’lim muassasalari vakillari, yoshlar yetakchilari, o‘quvchi va talabalar ishtirok etishdi. Namangan davlat pedagogika instituti jamoasi ham ushbu tadbirda faol ishtirok etdi. Institut vakillari tomonidan ta’limga oid ilg‘or g‘oyalar, kasbga yo‘naltirish metodikasi va yoshlarning qiziqishlarini aniqlash bo‘yicha tajribalar almashildi.
Ushbu markazlar orqali yoshlarda kasbiy layoqatni shakllantirish, ularni zamonaviy mehnat bozoriga tayyorlash, shuningdek, kelajakda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga zamin yaratish maqsad qilingan.
Namangan davlat pedagogika instituti jamoasi esa bu jarayonda ilmiy-amaliy ko‘mak ko‘rsatish va yoshlar bilan tizimli ishlashni davom ettiradi.