Mingbuloq tumanidagi “Oqqum” cho‘liga ilmiy ekspeditsiya amalga oshirildi
18.04.2026 13:42:18 6
Namangan davlat pedagogika instituti Geografiya ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabalari tomonidan o‘tkazilayotgan amaliyot doirasida Mingbuloq tumanida joylashgan “Oqqum” cho‘liga ilmiy ekspeditsiya tashkil etildi.
Ekspeditsiya O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Abdunazarov hamda amaliyot rahbarlari S.Abdurahmanov va M.Qoriyev hamrohligida olib borildi.
Ekspeditsiyaning asosiy maqsadi talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, cho‘l landshaftlarining o‘ziga xos xususiyatlarini bevosita kuzatish hamda ilmiy tadqiqot olib borish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Dala tadqiqotlari davomida talabalar cho‘l hududining geografik joylashuvi va rel’ef xususiyatlarini o‘rgandilar, qum tepaliklari hamda shamol ta’sirida hosil bo‘ladigan eol shakllarni kuzatdilar. Shuningdek, o‘simlik va hayvonot dunyosining quruq iqlimga moslashuv jarayonlarini tahlil qilib, tuproq namunalarini yig‘ish, xarita bilan ishlash, kompas va GPS qurilmalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladilar.
Ekspeditsiya yakunida talabalar kichik guruhlarda olib borgan ilmiy kuzatuv va tadqiqotlari yuzasidan o‘z xulosalarini taqdim etdilar.
Mazkur ilmiy ekspeditsiya talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, mustaqil fikrlashini shakllantirish hamda ularni kelajakda malakali mutaxassis sifatida tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.