"TARMOQ — KORXONA — OLIYGOH": KADRLAR TAYYORLASHNING ZAMONAVIY FORMULASI
12.08.2025 08:57:46 22

Yurtimizda oliy ta’lim tizimida islohotlar izchil davom etmoqda. Mazkur jarayonda ta’lim sifatini oshirish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va bitiruvchilarni mehnat bozorida talab qilinadigan mutaxassislar sifatida tayyorlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Shu maqsadda, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, endilikda talabalar ikkinchi kursdan boshlab ularni ishga qabul qilishga tayyor bo‘lgan investorlar ishtirokida yillik baholashdan o‘tadilar. Bitiruvchilar diplom ishlarini amaliy loyihalar doirasida belgilangan vazifalar asosida himoya qiladilar. Natijada, investor talablariga mos keladigan mutaxassislar kafolatli ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, mehnat munosabatlarida xususiy sektor uchun ham rag‘batlantiruvchi tizim joriy etilib, bitiruvchini ishga olgan tadbirkorga tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha ball beriladi. Oliy ta’lim muassasalari esa bitiruvchilarni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltiradi.
Yigilishda ilgari surilgan "tarmoq — korxona — oliygoh" gʻoyasi bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashga yangicha yondashuvni talab etadi.
Xususan, ta’lim sohasi – respublika bo‘yicha doimiy ehtiyojga ega tarmoqdir. Maktabgacha ta’limdan tortib, umumiy o‘rta ta’lim, litseylar hamda oliy ta’lim tizimida malakali pedagog kadrlar zarur.
Namangan davlat pedagogika instituti bu ehtiyojni inobatga olib, o‘z faoliyatini quyidagicha tashkil etmoqda:
Talabalar 2-bosqichdan boshlab maktab, litsey, kollej va maktabgacha ta’lim muassasalarida 4+2 doirasida amaliyot o‘taydi;
Diplom ishlari real ta’lim jarayonida uchraydigan muammolarni hal etishga yo‘naltiriladi;
Ish beruvchilar talabiga mos bitiruvchilar kafolatli ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi.
Buning natijasida,
Bitiruvchilar diplomi bilan birga tayyor ish o‘rniga ega bo‘ladi;
Korxonalar va muassasalar bozor talabiga mos kadrlar bilan ta’minlanadi;
Oliy ta’lim, tarmoq va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu yondashuv yoshlarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish, oliy ta’lim tizimini amaliyotga yanada yaqinlashtirish hamda mamlakat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Murodxon QODIRXONOV,
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor