Namangan davlat pedagogika institutida ilmiy-innovatsion seminar tashkil etildi
20.02.2026 10:59:23 5
Namangan davlat pedagogika institutida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan e‘lon qilinadigan grant tanlovlari hamda xorijiy stajirovkalarda ishtirok etish tartibiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
Seminar davomida xorijiy stajirovkalarda qatnashish imkoniyatlari, xalqaro ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va malaka oshirish yo‘nalishlari yuzasidan batafsil ma‘lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, akademik harakatchanlik (mobillik) dasturlarida ishtirok etish shartlari, saralash mezonlari hamda zarur hujjatlar ro‘yxati bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Grant va tanlov dasturlarining ustuvor yo‘nalishlari, ilmiy loyihalarda ishtirok etish mexanizmlari hamda loyiha arizalarini tayyorlash va belgilangan tartibda topshirish jarayoni bosqichma-bosqich tushuntirildi.
Seminarda institutning Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Javoxir Yuldashev, Innovatsion rivojlanish agentligining Namangan viloyati Innovatsion rivojlanish bo‘linmasi rahbari Nodirbek Jurabayev hamda bo‘linmaning yetakchi mutaxassisi Behzod Xamidov ishtirok etib, ilmiy loyihalarni tayyorlash, grant mablag‘larini jalb etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berdilar.
Mazkur seminar professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy salohiyatni oshirish, innovatsion loyihalarni ishlab chiqish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.