Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professorlari NamDPIda
05.05.2025 09:00:34 15
Namangan davlat pedagogika institutida o‘zbek adabiyoti va tilshunosligining yetuk mutaxassislari – Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professorlari, pedagogika fanlari doktorlari (DSc) Mavlanova Klaraxon Mahmudjonovna hamda Kambarova Saodat Irkinovna ishtirokida magistrantlarga mo‘ljallangan ilmiy-metodik seminar darsi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir institutning magistratura bosqichida tahsil olayotgan yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy izlanish olib borish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Seminar davomida universitet professorlari zamonaviy filologik tadqiqot metodologiyasi, ilmiy maqola yozish mezonlari, dissertatsion ish tuzilishi va tahliliy yondashuv uslublari haqida batafsil ma’lumotlar berdilar. Ayniqsa, Adabiy ta'limdagi asarlarning hozirgi davrda o‘rganilish yo‘nalishlari, adabiy tahlilning yangi paradigmalari va matnshunoslik masalalari atroflicha yoritildi.
Tadbir interaktiv ruhda o‘tdi. Magistrantlar o‘z ilmiy mavzulari bo‘yicha savollar bilan murojaat qilib, professorlardan nazariy va amaliy tavsiyalar oldilar. Mutaxassislar ularning ilmiy izlanishlariga tegishli yo‘nalishlar va manba tanlashda ilmiy yondashuv asoslarini tushuntirib berdilar.
Seminar ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. U nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki mustaqil ilmiy faoliyat yuritish malakalarini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qildi.