Namangan davlat pedagogika institutida “Ilm, ta’lim, tarbiya haftaligi” doirasida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi
30.08.2025 14:35:32 13
Namangan davlat pedagogika institutida “Ilm, ta’lim, tarbiya haftaligi” loyihasi doirasida “Yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshiriladigan muhim vazifalar” mavzusida soha xodimlari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.

Tadbirni institut Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori A. Isoqboyev ochib berdi. O‘z nutqida u yoshlarning ma’naviy kamoloti, intellektual salohiyati va tarbiyaviy jarayonlarda zamonaviy yondashuvlarning ahamiyatiga to‘xtalib, quyidagi fikrlarni alohida ta’kidladi:
“Bugungi kunda bizning eng katta boyligimiz — bu bilimli, ma’naviy barkamol, mustaqil fikrlaydigan yoshlar. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga imkoniyat yaratish, har bir talabaning qalbiga yetib borish bizning eng asosiy vazifamizdir.”
“Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi, avvalo, bizning yondashuvimizga bog‘liq. Talaba uchun institut nafaqat bilim maskani, balki hayot maktabiga aylanishi lozim. Shuning uchun har bir tyutor, har bir o‘qituvchi, har bir xodim bu jarayonga mas’uliyat bilan yondashishi kerak.”
O'quv seminarda quyidagi mavzularga alohida to'xtalib o'tildi:
“Birinchi kurs maktabi” tadbirini tashkil etish
Yangi o‘quv yilida “Birinchi kurs maktabi” tadbirini yuqori saviyada o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Tadbirning asosiy maqsadi — institutga yangi qabul qilingan talabalarni talabalik hayotiga moslashtirish, o‘quv jarayoni, ichki tartib-qoidalar, ijtimoiy loyihalar va ilmiy imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirishdir. Ushbu tadbir doirasida turli seminarlar, ma’rifiy uchrashuvlar va motivatsion suhbatlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mustaqillik darslarini tashkil etish
Seminarda “Mustaqillik darslari”ning mazmun-mohiyati va ularni samarali tashkil etish usullari muhokama qilindi. Ushbu darslar talabalarda milliy g‘urur, tarixiy xotira, Vatanga sadoqat va ma’naviy mas’uliyatni shakllantirishga xizmat qiladi. Interaktiv metodlar asosida o‘tkaziladigan darslar orqali talabalar mustaqil fikrlash va tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Tyutorlar ish faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha 2025/2026-o‘quv yiliga mo‘ljallangan ish rejasi
Tyutorlik faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan ish rejasi taqdim etildi. Rejada talabalarning ijtimoiy, ma’naviy, ilmiy va madaniy hayotidagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi.
Tyutorlar faoliyatini baholash mezonlari
Seminarda tyutorlarning har oydagi ish samaradorligini baholash mezonlari ishlab chiqilgani ta’kidlandi. Ushbu tizim orqali tyutorlarning faoliyati aniq ko‘rsatkichlar asosida nazorat qilinadi. Baholash natijalari asosida ilg‘or tajribalar ommalashtiriladi, kamchiliklar bartaraf etiladi va sifatli ish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Seminar soha xodimlarini yoshlar bilan ishlashda innovatsion yondashuvlardan keng foydalanishga, talabalarning ijtimoiy faolligini oshirishga, ularning bilim va salohiyatini yuksaltirishga, shuningdek, institutda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qildi.