English English English

TURKIY DAVLATLAR BIRDAMLIGI VA HAMKORLIGI YOʼLIDA YANGI SAHIFA

  07.10.2025 19:02:10    34



TURKIY DAVLATLAR BIRDAMLIGI VA HAMKORLIGI YOʼLIDA YANGI SAHIFA


Joriy yilning 6-7-oktyabr kunlari Ozarbayjon Respublikasining Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) navbatdagi sammiti turkiy dunyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim voqea bo‘ldi. Sammitda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev nutq so‘zlab, turkiy davlatlar hamjihatligini mustahkamlash, ularning jahon siyosati va iqtisodiyotidagi o‘rnini kuchaytirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari mintaqadagi geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida turkiy davlatlar xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda hamkorlikni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi. Shu maqsadda Samarqand shahrida TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. Bu tashabbus turkiy mamlakatlar o‘rtasida xavfsizlik siyosatida yagona yondashuvni taʼminlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Prezident Sh.Mirziyoyev “Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnoma”ni tez fursatda qabul qilish zarurligini taʼkidladi. Davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkilotini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishni taklif etdi. Bu hujjatlar turkiy hamkorlikni tizimli asosda mustahkamlaydi, uning strategik yo‘nalishlarini belgilaydi va har bir davlatning milliy manfaatlariga mos hamjihat siyosatni shakllantiradi.
O‘zbekiston rahbari iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish maqsadida qator amaliy takliflar berdi: Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashini tuzish va uning Loyiha ofisini Toshkent shahrida joylashtirish; Sanoat alyansi, “Turkiy yashil yo‘laklar” tizimi va “Yashil transformatsiya” konsortsiumini tashkil etish orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirish; Organik qishloq xoʼjaligi boʼyicha Ekspertlar guruhini tashkil etish hamda turkiy mamlakatlarning organik mahsulotlarini yagona brend sifatida jahon bozoriga chiqarish.
Prezident Sh.Mirziyoyev Turkiy davlatlar uchun transport aloqalarini rivojlantirishning muhimligini taʼkidladi. Prezidentimiz takliflariga ko‘ra O‘rta koridorni rivojlantirish, uni Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yoʼlagi bilan bog‘lash, bojxona tartibotlarini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish orqali tovar aylanmasini erkinlashtirish masalasiga tashkilotga aʼzo davlat rahbarlarining eʼtiborini qaratdi. Bu yo‘nalishlar turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi transport yo‘laklarini samarali va raqobatbardosh qilish imkonini yaratadi.
Prezidentimiz Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish, xalqaro va milliy moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini qabul qilish taklifini ilgari surdi. Bu mexanizm turkiy mamlakatlardagi loyihalarni moliyalashtirishni yengillashtiradi, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlaydi.
Prezident Sh.Mirziyoyev sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha “Yoʼl xaritasi”ni qabul qilish hamda Turkiy dunyo xalqaro koʼrgazmasini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifini ilgari surdi. Bu tashabbuslar yoshlar, tadbirkorlar va ilmiy salohiyat egalarini yangiliklar yaratish va innovatsion hamkorlikka undaydi.
Prezident Sh.Mirziyoyevning Gabala sammitidagi nutqi turkiy davlatlar hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan strategik dasturiy yo‘nalish sifatida tarixga kiradi. Bu tashabbuslar Turkiy mamlakatlarning siyosiy birdamligini mustahkamlaydi, iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytiradi, texnologik va madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi. O‘zbekistonning mazkur tashabbuslari Turkiy davlatlar tashkilotini XXI asrda mintaqaviy barqarorlik, taraqqiyot va birdamlikning yetakchi kuchiga aylantirish sari qadam qo‘yganini ko‘rsatadi.

Аlisher ISOQBOYEV
Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor