English English English

YANGI O‘ZBEKISTONDA TA’LIM – ENG MUHIM SOHA

  16.09.2025 17:54:48    9



YANGI O‘ZBEKISTONDA TA’LIM – ENG MUHIM SOHA


Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ustoz va murabbiylar kasb bayrami arafasida ta’lim sohasi vakillari bilan muloqot qildilar. Davlatimiz rahbari ta’lim – yurtimiz taraqqiyotining eng muhim sohasi, pedagoglar esa jamiyatimizda eng yuksak hurmat va e’tiborga sazovor insonlar ekanligini alohida ta’kidladi.

So‘nggi yillarda Prezidentimizning ta’lim tizimiga qaratayotgan yuksak e’tibori nafaqat o‘qituvchilarning moddiy farovonligini yaxshilash, balki ularning kasbiy salohiyatini, ilmiy izlanishlarini va malakasini oshirishga ham katta turtki bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ularni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish imkonini yaratmoqda.

Shuningdek, “Uchinchi Renessans” davri bunyodkorlari sifatida pedagoglarga jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy hayotida yanada faol ishtirok etish, taraqqiyotga hissa qo‘shish vazifasi yuklanmoqda. Prezidentimiz tashabbuslari va ta’limga yo‘naltirilayotgan katta mablag‘lar mamlakatimizda ta’lim natijadorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Muloqotda oliy ta’limdagi islohotlarning bosh maqsadi – O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim va ilm-fan markaziga aylantirish ekanligi qayd etildi. Hozirda 4 ta oliygohimiz dunyo miqyosida TOP-1000 reytingiga kirgan bo‘lsa, yaqin yillarda ularning soni 10 taga yetkazilishi rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda yurtimiz OTMlari nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotеxnologiya, tibbiyot va “yashil” energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirmoqda.

Bundan tashqari, yaqin kelajakda dunyoning TOP-100 universitetlari filiallari mamlakatimizda faoliyat boshlaydi. Kelgusi yilda esa 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, 500 ga yaqin yetakchi universitet rektorlari va 1000 dan ortiq xalqaro ekspertlar ishtirokida Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi o‘tkazilishi kutilmoqda. Shuningdek, xorijiy talabalar soni besh barobarga oshirilishi va ta’lim eksporti 200 million dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Bunday islohotlar O‘zbekiston ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqib, yoshlarni zamonaviy bilim va innovatsion tafakkur bilan tarbiyalashga xizmat qiladi. Eng asosiysi, bu siyosat ta’limning barcha bo‘g‘inlarini rivojlantirish orqali yurtimizni ilm-fan va madaniyat sohasida yangi cho‘qqilarga olib chiqadi.

Biz, ustoz va murabbiylar uchun, davlatimiz rahbarining bunday yuksak e’tibori katta mas’uliyat va kuchli motivatsiya manbaidir. Shu bois, barchamiz Vatan ravnaqi va kelajak avlod kamoli yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilishimiz lozim.

Sevara Botirova
Namangan davlat pedagogika instituti

Falsafiy va tarixiy fanlar kafedrasi mudiri