English English English

PEDAGOG — YANGI O'ZBEKISTONNING ENG YUKSAK MAQOMI

  16.09.2025 17:48:47    7



PEDAGOG — YANGI O'ZBEKISTONNING ENG YUKSAK MAQOMI


O‘qituvchilik –eng sharafli va mas’uliyatli kasblardan biri hisoblanadi. Chunki o‘qituvchi kelajak avlod ongiga ma’rifat urug‘ini sepadi, ularning qalbi va tafakkurini shakllantiradi. Jamiyat taraqqiyoti, ilm-fan rivoji, ma’naviyat va madaniyatning yuksalishi avvalo o‘qituvchining mehnatiga bog‘liqdir. Shu boisdan ham o‘qituvchilik maqomi doimo oliy qadriyat sifatida e’tirof etib kelingan.

O‘qituvchi faqat bilim beruvchi emas, balki tarbiyachi, yo‘lboshchi va ruhlantiruvchi sifatida ham katta o‘rin tutadi. Uning qalbidagi mehr, fidoyiligi va mas’uliyat hissi har bir shogirdning kelajakdagi yo‘lini yorituvchi mayoqdir. Ana shu jihatlar o‘qituvchilik kasbini jamiyatda eng sharafli va hurmatga sazovor kasblardan biriga aylantiradi.

Davlatimiz rahbarining Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida pedagoglar bilan o‘tkazgan ochiq va samimiy muloqoti esa har bir pedagogga yanada kuch va ma’suliyat hamda g‘urur tuyg ‘usini berdi.
Prezidentimiz o‘z nutqlarida quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratdilar.

Hozirda 7 mingdan ortiq davlat bog‘chalarida 120 mingga yaqin pedagoglar bo‘lgani bilan ularning atigi 34 foizi oliy ma’lumotga ega. Lekin hozirda tarbiyachilarning maktab o‘qituvchilari kabi toifa olishi uchun oliygoh diplomi talab etiladi. Shu sababli oliy ma’lumotli bilan o‘rta ma’lumotli tarbiyachining oyligida farq bor.
Shu bois, davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliygohlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, yiliga 10 ming tarbiyachi oliy ma’lumotli qilinadi.

Yana bir yangilik. Xuddi Prezident maktablari kabi har bir viloyatda “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil qilinib, ularda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi.
Eng muhimi, yangi metodikalarni o‘rganish uchun bu maskanlarning eshigi xususiy bog‘cha tarbiyachilariga ham doimo ochiq bo‘ladi.

Albatta, e’tibor bilan birga mas’uliyat ham ortadi. Bu bosqichda sifat kafolatini kuchaytirish, milliy va xalqaro akkreditatsiyalarning hayotdagi ta’sirini oshirish, ilmiy ishlanmalarni sanoatga va startaplarga chiqarish, ijtimoiy ehtiyojli yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratish muhimdir. Pedagog kadrlar uchun uzluksiz malaka oshirish tizimi, ta’limda raqamlashtirish, ochiq ma’lumotlar va tahlilga tayangan boshqaruv – yangi pog‘onaning asosiy shartlari hisoblanadi.
Biz ziyolilar Prezidentimizning ushbu uchrashuvdagi nutqlarini ta’limni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha mas’uliyatga da’vat deb qabul qilamiz. Albatta, barchamiz ana shu yuksak mas’uliyatni his etib, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot moʻjizasini yaratishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.

Munojat ASRANBAYEVA,
Maktabgacha taʼlim kafedrasi mudiri