English English English

TA’LIM, FAN VA ISHLAB CHIQARISH INTEGRATSIYASI – ZAMONAVIY OLIY TA’LIMNING USTUVOR VAZIFASI

  12.08.2025 08:56:10    19



TA’LIM, FAN VA ISHLAB CHIQARISH INTEGRATSIYASI – ZAMONAVIY OLIY TA’LIMNING USTUVOR VAZIFASI


2025-yil 8-avgust kuni Prezident boshchiligida juda muhim yig'ilish boʻlib oʻtdi. Ushbu yig‘ilishda oliy ta’lim bitiruvchilarining bandligi masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari tomonidan bildirilgan fikrlar, tahlillar va topshiriqlar mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini chuqur isloh etish yo‘lida muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Prezident tomonidan ta’kidlanganidek, moliyaviy mustaqillikka ega bo‘lgan 40 ta oliy ta’lim muassasasining faoliyati ijobiy natijalar bermoqda. Jumladan, iqtisodiyot, yuridik, tibbiyot, xorijiy tillar va pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlar moliyaviy barqarorlikka erishgani, o‘z infratuzilmasini mustahkamlab, ilmiy va o‘quv jarayonlarini takomillashtira olayotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda keltirilgan misollar, jumladan, 25 ta muhandislik oliygohida 438 ta kafedraning korxonalarda tashkil etilgani, Buxoro texnika universitetining neft-gaz va boshqa yo‘nalishlarda 20 ta korxona bilan hamkorlik qilayotgani, shuningdek, Ustyurt va Buxoro viloyatidagi yangi yirik sanoat loyihalari — bularning barchasi mutaxassislar tayyorlashda hududiy real sektor bilan integratsiyalashuv zarurligini ko‘rsatmoqda.

Yuqoridagilar asosida aytish mumkinki, oliy ta’lim tizimida davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi strategik yo‘nalishlar — ya’ni, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, kafedralarni ishlab chiqarish korxonalariga yaqinlashtirish, ilmiy izlanishlarni real iqtisodiy loyihalar bilan bog‘lash — biz uchun ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Shu sababli, institutimizda fan-ta’lim-ishlab chiqarish klasterlarini yaratish, pedagog kadrlarni hudud ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlariga mos ravishda tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini mahalliy muammolar yechimiga yo‘naltirish bo‘yicha ishlar yanada jadallashadi.

Xulosa o‘rnida takidlash joziki, yig‘ilishda belgilangan vazifalar mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi uchun strategik yo‘nalish bo‘lib, ular faqatgina ilmiy yondashuv, tizimli hamkorlik va natijadorlik mezonlariga asoslangan holdagina muvaffaqiyatli amalga oshiriladi. Namangan davlat pedagogika instituti jamoasi esa ushbu yo‘lda barcha intellektual salohiyatini safarbar etishga tayyor.

Javohir YULDASHEV,
Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo'limi boshlig'i