Namangan davlat pedagogika institutida navbatdagi Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
06.01.2026 09:39:20 8
Namangan davlat pedagogika institutida 2025/2026-o‘quv yilidagi 5-sonli Kengashning kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis institutning Kichik konsert zalida tashkil etilib, unda institut rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim va xizmatlar rahbarlari, shuningdek mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Majlisni institut rektori B.E.Xusanov kirish so‘zi bilan ochib, o‘tgan 2025-yil davomida institutda ta’lim sifati, ilmiy-tadqiqot faoliyati, xalqaro hamkorlik, tarbiyaviy ishlar hamda moliyaviy-iqtisodiy yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Rektor o‘z ma’ruzasida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda mavjud muammo va kamchiliklarni ham tanqidiy tahlil qilib, 2026-yilda bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni aniq belgilab berdi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A. Abdunazarov tomonidan professor-o‘qituvchilarning shaxsiy rejalari ijrosi, bo‘limlar faoliyati samaradorligi hamda tegishli komissiya tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijalari yuzasidan ma’ruza qilindi.
Majlisda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A.Isqoboyev tomonidan qishki ta’til davrida talabalar o‘rtasida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va tarbiyaviy tadbirlar, ularning mazmun-mohiyati va samaradorligi haqida axborot berildi.
Shuningdek, O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i M.Asqarova 2025/2026-o‘quv yilining yozgi semestrini boshlashga tayyorgarlik holati, o‘quv jarayonini uzluksiz va sifatli tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. JYUSHMBN va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i A. Majidov esa ijro intizomi va fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati yuzasidan hisobot taqdim etdi.
Magistratura bo‘limi boshlig‘i M.To‘raboyeva tomonidan qo‘shimcha to‘lov asosida qabul qilingan magistrantlarning dars mashg‘ulotlarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, yangi avlod o‘quv adabiyotlarini muvofiqlashtiruvchi kengashda tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqildi va mazkur yo‘nalishda tayyorlangan bir qator darslik va o‘quv qo‘llanmalar ma’qullandi.
Majlis yakunida kun tartibida ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul rahbar va ijrochilarga aniq topshiriqlar berildi. Institutda ta’lim sifati va boshqaruv samaradorligini yanada oshirish, shuningdek belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish masalalari doimiy nazoratga olindi.