PEDAGOGLARNI QO‘LLAB-QUVVATLASH – TA’LIM SIFATINI YUKSALTIRISHNING MUHIM QADAMI
16.09.2025 17:50:41 4

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘nggi tashabbuslari mamlakatimizda pedagoglarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi nufuzini oshirish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida ulkan ahamiyat kasb etmoqda.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar o‘qituvchilar uchun chinakam rag‘bat va kuchli motivatsiya bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jumladan:
• kamida 15 yil stajga ega oliy toifali pedagoglar uchun ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat tomonidan qoplab berilishi;
• pedagoglarning farzandlari davlat oliygohlariga o‘qishga kirganda kontrakt to‘lovining 30 foizigacha chegirma qo‘llanilishi;
• o‘qituvchilar uchun 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit asosida kompyuter xarid qilish imkoniyati yaratib berilishi;
• pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovlari kelasi yildan ikki baravarga kamaytirilishi;
• boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat tizimi joriy etilishi va sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanishi;
• bakalavrni imtiyozli diplom bilan tamomlaganlar maktabga ishga kirganda avtomatik ravishda 2-malaka toifasiga ega bo‘lishlari, magistrlar esa 1-malaka toifasini olishlari;
• TOP-300 talik oliygohlarda o‘qishga kirgan pedagoglar uchun 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratilishi;
• reytingda yuqori o‘rinlarni egallagan maktab, bog‘cha va OTM pedagoglari uchun ichki turizm imkoniyatlari yaratilishi — yiliga bir marotaba poyezd va samolyot chiptalariga 15–20 foiz chegirma taqdim etilishi.
Bu kabi tashabbuslar bevosita pedagoglarning moddiy farovonligini yaxshilash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kasbiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Natijada, ta’lim jarayoni samaradorligi ortadi, yoshlarimizga sifatli bilim berish imkoniyatlari kengayadi.
Namangan davlat pedagogika instituti jamoasi ushbu islohotlarni chuqur mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Biz, ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi xodimlari sifatida, bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, ta’lim jarayonini yangi bosqichga olib chiqish uchun bor kuch va bilimimizni safarbar etamiz.
Nodirbek SUYAROV
Namangan davlat pedagogika instituti
Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i