Namangan davlat pedagogika institutida Ijtimoiy fanlar fakulteti tyutorlarining hisoboti bo‘lib o‘tmoqda
25.06.2025 08:46:38 5
Namangan davlat pedagogika instituti Ijtimoiy fanlar fakultetida tyutorlarning 2024–2025 o‘quv yilidagi faoliyatini sarhisob qilishga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda fakultetga biriktirilgan barcha tyutorlar o‘zlarining hisobot davrida olib borgan ishlari, erishilgan natijalar, duch kelgan muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida batafsil ma'lumot taqdim etishmoqda.

Hisobot yig‘ilishida fakultet dekani, dekan muovinlari, kafedra mudirlari, institut psixologi, Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi vakillari ishtirok etib, tyutorlarning o‘z guruhlari bilan olib borgan tarbiyaviy, ijtimoiy-psixologik, huquqiy va madaniy-ma’rifiy ishlari tahlil qilinmoqda.
Tyutorlar tomonidan bir yil davomida talabalar bilan o‘tkazilgan suhbatlar, individual yondashuv asosidagi psixologik qo‘llab-quvvatlash ishlari, ota-onalar bilan hamkorlik, talabalar yashash sharoitlarini o‘rganish, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilgan sa’y-harakatlar yuzasidan ma'lumotlar taqdim qilindi. Bundan tashqari, “Dolzarb 90 kunlik”, “Yoshlar oyligi”, “Kitobxonlik haftaligi” kabi ma’naviy-ma’rifiy loyihalarda tyutorlarning ishtiroki alohida e’tirof etildi.
Mazkur yig‘ilish tyutorlar faoliyatining samaradorligini oshirish, tajriba almashish, metodik yondashuvlarni takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, kelgusi o‘quv yiliga doir ustuvor vazifalar belgilab olinmoqda.
Hisobot soʻnggida tyutorlarning yangi oʻquv yilidagi rejalari, takliflari tinglandi.