NAZM VA NAVO – MA’NAVIYAT TARANNUMI
12.02.2026 14:00:10 11
“Nazm va navo" kechasi davomida sahna go‘yo tarix sahifalarini yana bir bor jonlantirdi. Talabalar tomonidan mahorat bilan ijro etilgan sahna ko‘rinishlarida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur siymolari jonli obrazlarda gavdalantirildi. Ularning hikmatli so‘zlari, hayotiy qarashlari va ijodiy muloqotlari tomoshabinlarni ma’naviy olam sari yetakladi.
Kechada mumtoz kuy-qo‘shiqlar jonli ijroda yangrab, dutor sadolari va mumtoz ohanglar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Sahnalashtirilgan kompozitsiyalarda tarixiy liboslar, milliy an’analar va badiiy tasvir vositalari uyg‘unligi tomoshabinlarga o‘tmish muhitini his etish imkonini berdi. Ayniqsa, Navoiy va Bobur o‘rtasidagi ma’rifiy muloqot aks etgan sahna ko‘rinishi kechaning eng ta’sirchan lahzalaridan biri bo‘ldi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar sahnada jam bo‘lib, buyuk ajdodlarimiz merosiga hurmat va sadoqat timsoli sifatida yakdil chiqish namoyish etdilar. Bu kecha nafaqat badiiy dastur, balki yoshlarda milliy g‘urur, adabiyotga muhabbat va ma’naviy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlovchi muhim ma’rifiy voqea bo‘ldi.