"EDUKIDS — BOLALIK VA BILIMNI BOG'LOVCHI KO'PRIK"
23.10.2025 23:52:03 21
Namangan davlat pedagogika instituti tomonidan Chortoq tumani 18-sonli DMTTda “Edukids – hamkorlik markazi” doirasida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur markaz — bola shaxsini markazga qo‘ygan, ta’limni esa hamkorlikka asoslagan yangi metodik maydon bo‘lib, u zamonaviy maktabgacha ta’lim tajribalarini joylarda joriy etish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirda Namangan davlat pedagogika instituti rektori B.Xusanov, Maktabgacha ta’lim kafedrasi professor-o‘qituvchilari, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mutasaddilari hamda tarbiyachi-pedagoglar ishtirok etdilar.
Seminar davomida pedagog kadrlarning uzluksiz kasbiy rivojlanishi, metodik yordam ko‘rsatish, ta’limda STEAM texnologiyalarini joriy etish va bolalar psixologiyasiga individual yondashuv masalalari muhokama qilindi.
“Edukids” markazi doirasida faoliyat olib borgan sho‘balar:
1️⃣ “Rivojlangan davlatlar yo‘lidan – zamonaviy maktabgacha ta’lim sari!”
2️⃣ “Ilk qadam” o‘quv dasturi: kecha, bugun, ertaga
3️⃣ “Ingliz tili – bilim va do‘stlik tili”
4️⃣ “Maktabgacha ta’limda STEAM: bilim, ijod va kashfiyot sari ilk qadam”
5️⃣ “Kasbiy stress va deformatsiya” — pedagoglar uchun psixologik trening
6️⃣ “Qo‘rquv, xavotir va stressli vaziyatlardan bolalarni himoya qilish”
Tadbir so‘nggida maktabgacha yoshdagi bolalar uchun “Quvnoq sarguzashtlar” nomli qo‘g‘irchoq teatri namoyish etildi. Bu kichkintoylarda quvonch, ishonch va mehr tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
“Edukids” markazi faoliyati — ilm, ijod va bolalikning uyg‘un maydoni, u orqali tarbiyachilar ham, bolalar ham birgalikda o‘sadi, o‘rganadi va yangilik sari intiladi.