“Do‘ppi sayli” — milliy qadriyatlar va ijod uyg‘unligi
24.10.2025 00:08:07 7
Namangan davlat pedagogika institutida Kreativ pedagogika va psixologiya kafedrasi dotsenti M. Usmonova tashabbusi bilan pedagogika yo‘nalishining 3-bosqich talabalari ishtirokida “Do‘ppi sayli” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlar qalbida milliy o‘zlikni anglash, o‘zbek xalqining boy madaniy merosi va qadriyatlariga hurmat ruhini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
“Do‘ppi sayli” davomida talabalar o‘zlari tikkan va bezagan, turli hududlarga xos milliy do‘ppilarini namoyish etdilar. Ular do‘ppilarning tarixi, bezaklari va ramziy ma’nolari haqida qiziqarli ma’lumotlar taqdim etdilar.
Tadbir jarayonida milliy kuy-qo‘shiqlar yangradi, sahna chiqishlari va ijodiy ko‘riklar tashkil etildi. Talabalar o‘z ijodkorligi, estetik didi hamda milliy qadriyatlarga bo‘lgan mehrini namoyon etdilar.
“Do‘ppi sayli” nafaqat milliy liboslarimizni targ‘ib etuvchi madaniy tadbir, balki yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini ochish va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi samarali loyiha sifatida e’tirof etildi.