NamDPI bitiruvchisi xalqaro minbarda!
30.09.2025 09:54:27 20
Namangan davlat pedagogika instituti Jismoniy madaniyat va sport kafedrasi dotsenti Hamidullo Jurahonov tashabbusi bilan talabalar uchun ilmiy-amaliy seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirda Londondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — "El-yurt umidi" jamgʻarmasi stipendiati, Lafboro universiteti magistranti, institutimizning faxrli bitiruvchisi Azizbek Ne'matillayev ishtirok etdi.
Seminar davomida Azizbek Ne'matillayev o‘zining xalqaro tajribasi, ilmiy izlanishlari va chet elda ta’lim olish jarayonida qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi. Uning samimiy suhbatlari va muvaffaqiyatli faoliyatidan olingan saboqlari talabalarga kuchli motivatsiya manbai bo‘lib xizmat qildi.
Azizbek o‘zining bakalavriat bosqichini Namangan davlat pedagogika institutida tamomlab, bugun butun dunyoda tan olingan ilmiy maskanda tahsil olgani bilan ham barchaga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.
Mazkur tadbir institut talabalarida ilmiy izlanishlarga qiziqishni oshirish, ularga xalqaro tajribalarni yaqinroq tanishtirish va kelajakdagi maqsadlariga erishishda yanada ishonch bag‘ishlashga qaratildi.
Iqtidorli va isteʼdodli talabalarni tarbiyalashda institutning fidoyi ustozlarining oʻrni beqiyos. Mana shunday jonkuyar ustozlarga mashaqqatli mehnatlari yoʻlida zafarlar tilaymiz!