O'ZBEKISTON TA'LIM TIZIMIDA YANGI BOSQICH:SUN'IY INTELLEKT DAVRIGA DADIL QADAM
25.10.2025 11:25:05 7
O‘zbekistonda raqamli ta’limni rivojlantirishda yangi, strategik muhim bosqich boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat ta’lim tizimiga sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli tashabbuslarni ilgari surdi.
Bu tashabbuslar yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash, ularni innovatsion fikrlash va ilg‘or texnologiyalarni amaliyotda qo‘llashga o‘rgatish yo‘lida muhim qadamlardan biridir.
Davlat rahbari ta’kidlashicha, sun’iy intellektni rivojlantirish faqat infratuzilma va zamonaviy dasturlar bilan emas, balki inson kapitalining sifati bilan belgilanadi.
— “Bu sohaning asosi matematika va informatika fanlaridir. Shuning uchun mutaxassislarni tayyorlashni maktab bosqichidan boshlash lozim,” — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Endilikda "Yangi avlod o‘qituvchilari" tayyorlanadi.
Kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Yangi O‘zbekiston” universiteti negizida sun’iy intellekt bo‘yicha o‘qituvchi-trenerlarni tayyorlash dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Joriy yilda 100 nafar, keyingi yilda esa 1300 nafar mutaxassis tayyorlanadi. Ular butun mamlakat bo‘ylab informatika fani o‘qituvchilarini tayyorlaydi va shu orqali barqaror bilim almashish tizimi shakllantiriladi.
Har yili informatika fanining 100 nafar eng faol o‘qituvchisi sun’iy intellekt sohasida ilg‘or davlatlarda malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.
Namangan davlat pedagogika instituti ham Prezident tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, yangi avlod malakali mutaxassislarini tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor.
Institut jamoasi raqamli madaniyatni shakllantirish, ilmiy-tadqiqot kompetensiyalarini rivojlantirish va ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali mamlakatimizning kelajak intellektual salohiyatini mustahkamlash yo‘lida izchil faoliyat yuritmoqda.
Marg'uba ESHNAZAROVA
Intellektual fanlar va axborot texnologiyalari kafedrasi professori