Ma'lumotlar bazasi faoliyati raqamli tizimlar bilan takomillashmoqda
16.04.2026 00:31:21 19
Namangan davlat pedagogika institutida Registrator ofisi faoliyati raqamli tizimlar asosida takomillashtirilib, talabalar, abituriyentlar hamda tashrif buyuruvchilarga qulay, tezkor va shaffof xizmat ko‘rsatish tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yilgan.
Institutda o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, talabalarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish hamda hujjatlar bilan ishlash jarayonlarini tizimli muvofiqlashtirish Registrator ofisining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, talabalar kontingenti harakatini hisobga olish, tegishli buyruqlarni rasmiylashtirish va akademik jarayonlarni tartibga solish ishlari ham mazkur ofis tomonidan amalga oshiriladi.
Ma’lumotlar bazasi faoliyati Registrator ofisining muhim yo‘nalishi sifatida shakllantirilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda talabalar kontingenti bo‘yicha ma’lumotlarni yuritish, shaxsiy hujjatlarni qabul qilish va saqlash, joriy transkript hamda diplom ilovalarini rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, akademik ta’til, o‘qishni ko‘chirish, tiklash va talabalar safidan chetlashtirish bilan bog‘liq murojaatlar hujjatlashtirilib, diplomlarning haqiqiyligini tasdiqlash jarayonlari ham tizimli ravishda tashkil etilgan.
Bugungi kunda institutda raqamli transformatsiya jarayonlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, dc.namspi.uz — Digital Campus platformasi orqali foydalanuvchilarga zamonaviy elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Ushbu platforma orqali talabalar akademik ta’til olish, o‘qishni tiklash, talabalar safidan chetlashtirish hamda familiyani o‘zgartirish bo‘yicha onlayn ariza topshirish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu esa murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirib, ortiqcha vaqt sarfini kamaytirish hamda xizmatlar tezkorligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Registrator ofisi tomonidan kiruvchi va chiquvchi hujjatlarni qabul qilish hamda rasmiylashtirish, abituriyentlar va tashrif buyuruvchilarga ma’lumot berish, hujjatlarni arxivlashtirish, talabalar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ro‘yxatga olish jarayonlarini yuritish kabi keng ko‘lamli xizmatlar ham amalga oshirilmoqda.
Namangan davlat pedagogika instituti kelgusida ham Registrator ofisi faoliyatini yanada takomillashtirish, raqamli xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda talabalarga zamonaviy, qulay va shaffof xizmat ko‘rsatish tizimini rivojlantirishni davom ettiradi.