English English English

O‘QITUVCHI QADRI VA SHA’NI – DAVLAT SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHI

  16.09.2025 17:46:57    50



O‘QITUVCHI QADRI VA SHA’NI – DAVLAT SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHI


2025-yil 15-sentyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘qituvchi va murabbiylar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida o‘tkazilgani bois yanada ramziy ahamiyat kasb etdi. Bu nafaqat pedagoglarga ehtirom, balki ta’lim tizimini yuksaltirish yo‘lidagi dadil qadam sifatida tarixga kiradi.

Mazkur muloqotda davlatimiz rahbari pedagog kasbining sharaf va mas’uliyatini alohida ta’kidlab, ularning fidokorona xizmatini qadrlash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Ustozlarning jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, ularga yaratilayotgan yangi imkoniyatlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari nafaqat ta’lim tizimining, balki butun millat taraqqiyotining poydevori hisoblanadi.

Uchrashuv davomida ta’lim sohasini rivojlantirishda alohida hissa qo‘shgan bir guruh ma’rifat fidoyilari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu jarayon ustozlar mehnatining beqiyos qiymatini ifodalar ekan, yosh avlodga bilim berishda fidoyilik ko‘rsatgan o‘qituvchilarga jamiyatimizning yuksak e’tiboridan dalolat berdi. Mukofotlangan pedagoglarning faoliyati barcha ustozlar uchun ibrat bo‘lib, ularni yangi marralar sari chorlaydi.

So‘nggi yillarda ta’lim va fanga ajratilayotgan mablag‘larning qariyb olti barobarga ortgani, ta’lim maskanlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani, pedagoglar uchun imtiyoz va sharoitlar kengaygani bu boradagi islohotlarning izchil davom ettirilayotganidan darak beradi. Prezidentimiz o‘z nutqida ikki Renessans davrida xalqimizning ilm-fan va ma’rifatga qo‘shgan hissasini eslab, ustozni e’zozlash qadimiy an’ana sifatida bugun ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Zero, ustozlarni qadrlash — bu xalqni, millatni qadrlash, kelajakni ishonchli qo‘lga topshirish demakdir.

Bugun o‘qituvchining qadri va sha’nini ulug‘lash orqali Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga mustahkam intellektual va ma’naviy asos yaratilmoqda. O‘qituvchi — nafaqat bilim beruvchi, balki yoshlarni hayotga tayyorlovchi, ularni mustaqil fikrlash, ezgu orzular va yuksak maqsadlarga yetaklovchi buyuk kuchdir. Shunday ekan, pedagog kasbining nufuzini oshirish, ularning bilim va tajribasini e’tirof etish mamlakatimizni kelajakda ham taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqishi shubhasizdir.

Alisher ISOQBOYEV,
Namangan davlat pedagogika institutining

yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori