2 mingdan ziyod yoshlarni bir maydonga jamlagan “Gimnastrada” sport festivali yuqori saviyada o‘tkazildi
01.05.2026 12:51:45 9
Namangan davlat pedagogika institutida to‘rtinchi bor tashkil etilgan “Gimnastrada” sport festivali talaba-yoshlar, professor-o‘qituvchilar, sport sohasi vakillari hamda keng jamoatchilik uchun haqiqiy bayramga aylandi.
Yildan-yilga mazmunan boyib, qamrovi kengayib borayotgan mazkur festival bugun institut hayotidagi muhim an’analardan biri, ommaviy sport targ‘iboti va yoshlar faolligining o‘ziga xos brendiga aylanmoqda.
Festivalda viloyat deputatlari, institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, soha vakillari, xorijlik mehmonlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yoshlar o‘rtasida sportga qiziqishni oshirish, jamoaviylik, ijodkorlik va birdamlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Festivalning umumiy qamrovi 2000 nafardan ziyodni tashkil etdi.
Tadbir jamoalarning tantanali saf tortishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Shundan so‘ng Namangan davlat pedagogika instituti rektori B.Xusanov ishtirokchilarni qutlab, festivalning yoshlar hayotidagi tarbiyaviy, sport va ma’naviy ahamiyatiga to‘xtaldi hamda jamoalarga omad va muvaffaqiyat tiladi.
Festival davomida jamoalarning sport mahorati, sahnaviy jozibasi, ijodiy chiqishlari va uyg‘un harakatlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Har bir chiqish yoshlarning sog‘lom hayotga intilishi, jamoaviy ruhda harakat qilishi hamda institutda shakllanayotgan faol muhitning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Shuningdek, marosim davomida yuqori natija ko‘rsatgan jamoalar, g‘oliblar hamda turli nominatsiya sohiblari diplom, sertifikat va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Festival uchun ajratilgan umumiy mukofot jamg‘armasi 51 million 500 ming so‘mni tashkil etdi.
“Gimnastrada” sport festivali Namangan davlat pedagogika institutida yoshlarning jismoniy faolligi, ijodkorligi, birdamligi va sog‘lom hayotga intilishining yorqin namunasiga aylandi.
#Gimnastrada #NamDPI #Sport_festivali