“Ona tilim — faxrim mening!”
21.10.2025 21:27:49 36
Bugun Namangan shahridagi “Adiblar xiyoboni”da o‘zbek xalqining ma’naviyati va milliy o‘zligining ajralmas ramzi bo‘lgan “O‘zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Ona tilim — faxrim mening!” shiori ostida o‘tkazilib, unda shoir va yozuvchilar, ta’lim sohasi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Bayram ishtirokchilari 1989-yil 21-oktabr kuni qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning ahamiyatini, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va o‘rnini yana bir bor chuqur his etdilar.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, viloyat hokimining davlat tili bo‘yicha maslahatchisi Iroda Qo‘chqarova, hamda “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov so‘zga chiqib, davlat tilining nufuzini oshirish va yoshlar ongida ona tiliga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirdilar.
Shuningdek, yosh ijodkorlar va o‘quvchilar tomonidan ona tiliga bag‘ishlangan she’rlar, badiiy chiqishlar va kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Alisher Navoiy siymosi gavdalangan sahnaviy chiqishlar tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Namangan davlat pedagogika instituti ustoz va talabalari ham tadbirda faol ishtirok etib, ona tilimizga bo‘lgan chuqur hurmat va sadoqatni o‘z ijodiy chiqishlari orqali namoyon etdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar “Adiblar xiyoboni” markazidagi Boborahim Mashrab haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish orqali yana bir bor ona tilimizga bo‘lgan hurmat va muhabbatlarini ifoda etdilar.