NamDPI delegatsiyasi Xitoyda!
18.06.2025 10:56:59 26
Namangan davlat pedagogika instituti xalqaro hamkorlik doirasida yana bir muhim tashabbusni amalga oshirmoqda!
Ayni damda institutning tajribali professor-o‘qituvchilari — M.Asranbayeva, M. Eshnazarova, N.Maxmudova va Sh.Xudayqulovlar Jiangsu Tongke Golden Key Property Comprehensive Service Co. Ltd kompaniyasining rasmiy taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turishibdi.

Tashrifdan asosiy maqsad — ta’lim tizimidagi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, ilmiy-metodik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro akademik almashinuv imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Professor-o‘qituvchilar Jiangsu provinsiyasidagi bir qator nufuzli ta’lim va ilmiy muassasalar, shuningdek, kompaniya tizimidagi innovatsion markazlar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Shuningdek, delegatsiya vakillari o‘rtasida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, stajirovka dasturlari va talabalar almashinuvi kabi dolzarb yo‘nalishlar yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Mazkur tashrif ikki tomonlama do‘stona aloqalarni mustahkamlash, institutning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.