“Markaziy Osiyo + Yaponiya”: Barqaror rivojlanish va strategik hamkorlik sari yangi bosqich
21.12.2025 18:20:12 49
2025 yil 20-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etdi. Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi raisligida oʻtgan tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya oʻrtasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror rivojlanish, oʻzaro bogʻliqlik hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Sammitda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so`zlab bundan 20 yil muqaddam aynan Yaponiya ilk bor “Markaziy Osiyo plyus” muloqotining tashabbuskori boʻlganini qayd etdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillikka erishganidan keyingi davr mobaynida Yaponiya ishonchli hamkor boʻlib kelayotganini, mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, infratuzilma, sanoat va energetika bazasini modernizatsiya qilish, fan va taʼlim hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshayotgani. Shu sababli Markaziy Osiyo davlatlari Yaponiyaning mintaqa hayotida yanada keng va faol ishtirok etishidan manfaatdor ekanligi ta`kidlandi.
“Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” formatida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha quyidagi takliflar olg`a surildi:
Birinchidan, sammitni davlat rahbarlari darajasida har ikki yilda bir marta oʻtkazish. Navbatdagi bunday uchrashuvlardan birini Oʻzbekistonda qabul qilish.
Ikkinchidan, “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish. Ushbu hujjatga mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish va ularni global iqtisodiy jarayonlarga chuqur integratsiya qilish boʻyicha aniq dastur va loyihalarni kiritish.
Uchinchidan, Yaponiya moliya institutlarining Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlashni kengaytirishini qo`llab-quvvatlash. Markaziy Osiyoning infratuzilmalari va sanoatini rivojlantirish investitsiya jamgʻarmasini taʼsis etish.
Toʻrtinchidan, bugun raqamli transformatsiya iqtisodiy oʻsish va barqarorlikning hal qiluvchi omiliga aylanib bormoqda. “Markaziy Osiyo – Yaponiya” raqamli xabi – raqamli yechimlar, sunʼiy intellekt, “buyumlar interneti”, kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida koʻptomonlama hamkorlik platformasini yaratish.
Beshinchidan, Yaponiya zamonaviy va ishonchli transport infratuzilmasini yaratishda katta tajribaga ega boʻlib, mintaqada tranzit va logistika tarmogʻini rivojlantirishda muhim sheriklardan biriga aylanishi mumkin.
Oltinchidan, Yaponiya zararli gazlarni atmosferaga chiqarishni toʻliq bartaraf etishga erishish borasidagi vazifalarni amalga oshirishda jahondagi yetakchi davlatdir.
“Yashil” energetikani rivojlantirish boʻyicha samarali issiqlik stansiyalari, quyosh va shamol energiya qurilmalarini barpo etish, zararli gazlarni ushlab qolish va foydalanish texnologiyalarini joriy etish kabi aniq loyihalarni birgalikda ishlab chiqish.
Yettinchidan, Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturini amalga oshirishda oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish. Mintaqada havo sifatini yaxshilash boʻyicha atmosferaga chiqarilayotgan gazlarni monitoring qilish, filtrlash va kamaytirish, aholi uchun yanada barqaror va xavfsiz ekologik muhitni yaratish uchun ilgʻor yechimlarni qoʻllashga qaratilgan qoʻshma dasturni ishga tushirish, Iqlim oʻzgarishi bilan kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida, Orolboʻyi ekologik muammolarini hal qilishga koʻmaklashish va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha loyihalarni qamrab oladigan qoʻshma harakatlar dasturini qabul qilish, Muloqot doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining yangi shakldagi uchrashuvlarini tashkil etish.
Sakkizinchidan, Yaponiyaning seysmik xavfsizlik sohasidagi ulkan tajribasini hisobga olib, Seysmik barqarorlikni baholash va oshirish boʻyicha qoʻshma dasturni ishga tushirish.
Maqsad – yapon ekspertlarini jalb etgan holda Markaziy Osiyoning yirik shaharlarini kompleks seysmik tekshiruvdan oʻtkazish, seysmik barqarorlikni oshirish yuzasidan “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish, Yaponiya modeli asosida oldindan ogohlantirish tizimlarini ishga tushirishdir. Toshkent shahrida Yaponiya standartlari va protokollari boʻyicha muhandislar, arxitektorlar, qutqaruv xizmatlarini tayyorlash uchun Mintaqaviy malaka oshirish markazini ochish.
Toʻqqizinchidan, Yaponiyaning taʼlim va malakali kadrlar tayyorlash sohasidagi koʻmagini yuksak baholaymiz. Taʼlim, ilmiy va akademik almashuvlarni bundan buyon ham kengaytiramiz va qoʻllab-quvvatlaymiz. Oʻzbekistonda kelgusi yili “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatida taʼlim vazirlarining birinchi yigʻilishini, shuningdek, mintaqadagi yetakchi universitetlar rektorlarining ilk forumini oʻtkazish taklif etildi.
Tokioda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammiti mintaqa davlatlari va Yaponiya o‘rtasidagi ko‘p yillik ishonchli hamkorlikni yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqdi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar yashil iqtisodiyot, raqamli transformatsiya, transport-logistika, ekologiya, seysmik xavfsizlik va inson kapitalini rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda uzoq muddatli va aniq amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Mazkur sammit Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi, global iqtisodiy jarayonlarga chuqur integratsiyalashuvi hamda mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash yo‘lida muhim tarixiy qadam bo‘ldi. O‘zbekiston esa ushbu muloqot doirasida faol va mas’uliyatli tashabbuskor sifatida o‘z o‘rnini yanada mustahkamlab bormoqda.
Topildiyev Odiljon Raximjonovich “Registrator ofisi” boshlig‘i