“Ilk qadam” dasturi:kecha, bugun, ertaga
14.10.2025 10:52:04 64
Namangan davlat pedagogika institutida Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi sirtqi ta’lim va bitiruvchi kurs talabalari uchun “Ilk qadam o‘quv dasturi: kecha, bugun, ertaga” nomli o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Namangan viloyati Pedagogik mahorati markazi Maktabgacha ta’limni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Qambarova Naziraxon hamda Namangan shahar 32-sonli DMTT direktor o‘rinbosari, mentor Munojatxon Egamberdiyeva ishtirok etdilar.
Seminarning asosiy maqsadi
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturining uchinchi nashrida belgilangan yangiliklar va o‘zgarishlarni talabalarga yetkazish, shuningdek:
• 2025–2026 o‘quv yili uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatining ustuvor vazifalarini belgilash;
• “Ilk qadam” dasturining mazmuni va amaliy tatbiqini tushuntirish;
• yangi o‘quv yili uchun yillik ish rejalarini ishlab chiqishda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarini inobatga olish;
• tajriba almashish va amaliy tavsiyalar berishdan iborat bo‘ldi.
Seminarda ta’kidlanganidek, takomillashtirilgan “Ilk qadam” dasturi maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiyasini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish, tarbiyachilar ishini yengillashtirish hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.
Tadbir davomida talabalar sohaga oid yangiliklar bilan yaqindan tanishdilar, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ishtirok etdilar va nazariy hamda amaliy jihatdan muhim bilimlarga ega bo‘ldilar.
Maktabgacha ta’lim kafedrasining Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan olib borilayotgan hamkorlik ishlari izchil davom etmoqda.