English English English

XALQARO HAMKORLIK: YAPONIYA TA’LIM TAJRIBASI VA TALABALAR IJODIGA YUQORI BAHO

  18.05.2026 11:31:17    7


Namangan davlat pedagogika institutiga yaponiyalik nufuzli mutaxassis Mikako xonimning tashrifi oliy ta’lim va xalqaro tajriba almashinuvi doirasida muhim voqelikka aylandi. Tashrifning asosiy manzillaridan biri Maktabgacha ta’lim kafedrasi qoshida faoliyat yuritayotgan “Ijodkor qizlar” to‘garagi bo‘ldi.


XALQARO HAMKORLIK: YAPONIYA TA’LIM TAJRIBASI VA TALABALAR IJODIGA YUQORI BAHO


Mikako xonim ijodkorlik va mahorat maskani bo’lgan to‘garak xonasiga qadam qo‘yar ekan, u yerdagi muhit va talaba-qizlarning o‘z qo‘llari bilan yaratgan san’at namunalari, bevosita ish jarayonida namoyish qilishlari uni hayratda qoldirdi. Ayniqsa, talabalar tomonidan yasalgan turli xil qo‘g‘irchoqlar, qo‘g‘irchoq teatri uchun tayyorlangan o‘ziga xos personajlar va ertak qahramonlarini mohirlik bilan o‘ynatayotgan talaba qizlar yaponiyalik mutaxassisning e’tiborini tortdi. Har bir qo‘g‘irchoqning o‘ziga xos xarakteri, yasalish texnikasi va bolalar psixologiyasiga mos ravishda tanlangan ranglar jilosi talabalarning naqadar yuksak did va professional mahoratga ega ekanligidan dalolat berdi.
Mehmon tomonidan maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar uchun mo‘ljallangan interaktiv didaktik vositalar va ko‘rgazmali qurollar alohida e’tirof etildi. Mikako xonim ushbu vositalarning nafaqat vizual ko‘rinishi, balki ta’limiy ahamiyati yuqori ekanligini ta’kidlab, o‘z hayratini yashira olmadi.
"Bu yerda ko‘rganlarim — haqiqiy mahorat mahsuli. Har bir detalda bolalarga bo‘lgan mehr va pedagogik mahorat sezilib turibdi," — deya ta’kidladi u.
 Suhbat davomida Mikako xonim Yaponiya oliy ta’lim muassasalaridagi maktabgacha ta’lim yo‘nalishi talabalari ham xuddi shunday ijodiy jarayonlar bilan band bo‘lishlari haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, yapon talabalari ham bolalar uchun o‘yinchoqlar yasashda asosan tabiiy va ekologik toza materiallardan foydalanishga, bolalarning mantiqiy fikrlashini o‘stiruvchi "oddiy, lekin samarali" vositalar yaratishga intilishadi. U o‘zbek va yapon talabalarining ijodiy yondashuvlaridagi o‘xshashliklarni qayd etar ekan, bu kabi mahorat maktablari kelajak pedagoglari uchun eng muhim poydevor ekanligini e’tirof etdi.
 Ushbu tashrif talabalarimiz uchun katta motivatsiya manbai bo‘ldi. Xalqaro mutaxassisning yuqori bahosi "Ijodkor qizlar" to‘garagi a’zolarini yangi marralar sari ruhlantirdi. Zero, xalqaro tajriba va milliy qadriyatlar uyg‘unligi kelajakdagi barkamol avlod tarbiyasi uchun xizmat qiladi.


XALQARO HAMKORLIK: YAPONIYA TA’LIM TAJRIBASI VA TALABALAR IJODIGA YUQORI BAHO