AKADEMIK BILAN ILMIY-IJODIY UCHRASHUV
27.03.2026 09:57:49 3
Namangan davlat pedagogika institutida talaba-yoshlar hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida pedagogika sohasining yetuk namoyandalari bilan ilmiy-ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda pedagogika fanlari doktori, professor, akademik Xolboy Ibraimov hamda pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov ishtirok etib, pedagogika, tarbiya va ilmiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zlarining boy tajriba va ilmiy qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbir davomida akademik Xolboy Ibraimov tomonidan ilmiy faoliyatning mas’uliyatli va mashaqqatli jihatlari, ilm-fan yo‘lida izlanish olib borayotgan yosh olimlar uchun zarur bo‘lgan sabr-toqat, izchil mehnat hamda ilmiy tafakkur madaniyati haqida batafsil fikrlar bildirildi. Shuningdek, pedagogika sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, ta’lim jarayonida tarbiya masalasining ustuvor ahamiyati ham alohida ta’kidlab o‘tildi.
Professor Muhammadjon Quronov esa zamonaviy pedagogika, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash jarayonida ustozlarning mas’uliyati, ta’lim tizimida innovatsion yondashuvlarni qo‘llash zarurati haqida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi. Shuningdek, xalqaro tajribalar, xususan Yaponiya ta’lim tizimining ilg‘or jihatlari va ularning pedagogik jarayondagi samarali natijalari yuzasidan qiziqarli fikrlar bildirildi.
Uchrashuv davomida yosh pedagoglar hamda talaba-yoshlar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berilib, ilmiy izlanishlar olib borish, pedagogik faoliyatda muvaffaqiyatga erishish hamda shaxsiy rivojlanish masalalari yuzasidan muhim tavsiyalar taqdim etildi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan mazkur uchrashuv talaba-yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, pedagogika sohasida faoliyat olib borayotgan yosh mutaxassislar uchun muhim tajriba maktabi bo‘lib xizmat qildi.