Akademik Said Shermuhammedov tavalludining 95 yilligi munosabati bilan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi
28.05.2025 09:56:55 6
Namangan davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi davlat mukofoti sovrindori, falsafa fanlari doktori, professor Said Shermuhammadevich Shermuhammedov tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjuman avvalida akademik Said Shermuhammadevich Shermuhammedovning sermazmun hayot yo‘li, O‘zbekiston ilm-fani va ta’lim sohasiga qo‘shgan beqiyos hissasi, tashkil etgan ilmiy maktabi hamda qoldirgan ma’naviy merosini aks ettiruvchi xotira filmi namoyish etildi.
Tadbir davomida respublikaning turli oliy ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan professor-o‘qituvchilar, falsafa sohasi mutaxassislari akademik bilan bog‘liq xotiralari, ilmiy tajribalari va maktabi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Anjuman yakunida Falsafa fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazining ma’naviy targ‘ibotchisi Shermuhamedova Jamila Tashpulatovnaga akademikning 95 yilligi munosabati bilan institut tomonidan maxsus esdalik sovg‘asi topshirildi.
Ma’lumot uchun:
Said Shermuhammedov 1930-yilda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. U Samarqand davlat universitetining tarix fakultetida tahsil olgan.
1957-yilda akademik Ibrohim Muminov rahbarligidagi ilmiy maktabda ilmiy faoliyatini boshlagan. O‘sha yili falsafa fanlari nomzodi ilmiy darajasiga, 1970-yilda falsafa fanlari doktori, 1980-yilda esa professor unvoniga sazovor bo‘lgan.
U o‘zbek falsafa maktabining yirik vakili bo‘lib, mamlakatimizda ma’naviyat, tarix falsafasi va ilmiy tafakkur rivojiga katta hissa qo‘shgan.