O‘ZBEKISTON – MINTAQAVIY TA’LIM VA ILM-FAN MARKAZIGA AYLANMOQDA
18.09.2025 08:48:33 5

Bugungi kunda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimiz taraqqiyotining strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘qituvchi va murabbiylar bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqoti ham ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, ta’lim sohasida yangi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi — O‘zbekistonni mintaqadagi ta’lim va ilm-fan markaziga aylantirishdir. Bu yo‘nalishda qo‘llanilayotgan tashabbuslar mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Masalan, bugungi kunda 4 ta milliy universitetimiz dunyoning nufuzli TOP-1000 reytingidan o‘rin olgan bo‘lsa, yaqin yillarda ularning sonini 10 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Yurtimiz oliygohlari axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, tibbiyot va “yashil” energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda yetakchi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlarni amalga oshirmoqda. Bu esa ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, yosh avlodni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega etib tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, dunyoning TOP-100 talik universitetlari filiallarining O‘zbekistonda faoliyat boshlashi talabalarga beqiyos imkoniyatlar eshigini ochadi.
Kelgusi yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi ham mamlakatimizning global ta’lim maydonidagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Unda 10 dan ortiq xalqaro tashkilot, 500 ga yaqin yetakchi universitet rektorlari hamda mingdan ziyod xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Bu hamkorlik nafaqat tajriba almashish, balki O‘zbekistonning xalqaro ta’lim integratsiyasidagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Biz pedagoglar esa ushbu islohotlardan ilhom olib, yosh avlodga zamonaviy bilim berish, ularni ma’naviy barkamol va intellektual jihatdan yetuk shaxslar qilib tarbiyalash yo‘lida bor bilim va tajribamizni safarbar etish burchimizdir!
Elmurod TAJIBOYEV
Art pedagogika kafedrasi dotsenti