Bizning maqsadimiz bitta — dunyo tinch boʻlsin!
09.05.2025 10:57:57 33
Har yili yurtimiz boʻylab xalqimiz birdamligi va jasorati timsoliga aylangan 9-may — "Xotira va qadrlash kuni” "Inson aziz, xotira muqaddas" shiori ostida keng nishonlanadi.

Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning eng oliy mezoni va bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.
Bugun o'sha an'ana — ajdodlar ruhini yod olib, ularning koʻrsatgan ulugʻvor jasorati uchun hurmat bajo keltirish maqsadida Namangan viloyati hokimi viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida sektor rahbarlari, viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari va boshqarmalari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari jumladan, Namangan davlat instituti rahbariyati va yoshlar jamoalari harbiy orkestr sadolari ostida xiyobonda joylashgan “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydilar.
Tinchlik uchun kurashib, bashariyatni fashizm balosidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan mard va oliyjanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatildi.
Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimlar tumanlarda, mahalla va guzarlarida davom etmoqda.