English English English

Oliy ta’lim — maktabgacha ta’limni mustahkamlasa, maktabgacha ta’lim — jamiyat kelajagini belgilaydi

  16.09.2025 17:52:11    7


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, tarbiyachilarning malaka va bilim darajasini oshirish borasidagi tashabbuslari — ta’lim sohasida olib borilayotgan chuqur islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, u mamlakatimizning kelajagi bo‘lgan yosh avlod tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.


Oliy ta’lim — maktabgacha ta’limni mustahkamlasa, maktabgacha ta’lim — jamiyat kelajagini belgilaydi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, tarbiyachilarning malaka va bilim darajasini oshirish borasidagi tashabbuslari — ta’lim sohasida olib borilayotgan chuqur islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, u mamlakatimizning kelajagi bo‘lgan yosh avlod tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi 7 mingdan ortiq davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 120 mingga yaqin pedagogning atigi 34 foizi oliy ma’lumotga ega ekanligi — bu sohada hali hal qilinishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalardan biridir. Aynan shu holatdan kelib chiqib, yiliga 10 ming nafar tarbiyachini ishdan ajralmagan holda oliy ma’lumotli qilish tashabbusi — o‘z vaqtida ilgari surilgan, amaliy yechimga ega bo‘lgan muhim qarordir.
Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari uchun bu vazifa bir tomondan mas’uliyatli, ikkinchi tomondan esa, katta ishonchdir. Sababi, maktabgacha yoshdagi bolalar bilan ishlovchi pedagoglar — bolaning ilk shaxsiyati, dunyoqarashi, axloqiy qadriyatlari va fikrlash doirasini shakllantiruvchi eng muhim ta’sir omillardandir. Demak, tarbiyachining malakasi va bilim darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, u tarbiyalayotgan avlod ham shunchalik sifatli tayyorlanadi.
Alohida e’tiborga molik jihat — "Yangi avlod" bog‘chalarining tashkil etilishi va ularning Prezident maktablari tajribasi asosida faoliyat yuritishidir. Bu bog‘chalar zamonaviy pedagogik texnologiyalar, interaktiv metodlar va psixologik yondashuvlar asosida ishlaydi. Eng muhimi, bu bog‘chalarning eshiklari nafaqat davlat, balki xususiy bog‘cha tarbiyachilariga ham ochiq bo‘lishi — inklyuziv ta’lim muhiti, tajriba almashinuvi va pedagoglar o‘rtasida sog‘lom raqobat uchun asos yaratadi.
Shuningdek, oliy ma’lumotga ega tarbiyachilarga toifa berilishi, oylik maoshining oshishi — bu soha obro‘sini oshirishga xizmat qiladi. Bu nafaqat iqtisodiy rag‘bat, balki kasbga bo‘lgan munosabatni ham ijobiy tomonga o‘zgartiradi. Zero, tarbiyachi kasbi — nafaqat mehr, sabr va fidoyilikni, balki chuqur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni ham talab qiladi.
Xulosa o‘rnida:
Prezidentimizning bu tashabbuslari — ta’lim zanjirining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’limga ustuvorlik berayotganini ko‘rsatadi. Professor-o‘qituvchilar jamoasi sifatida biz bu islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va tarbiyachilar malakasini oshirishda o‘zimizni faol ishtirokchi deb hisoblaymiz.

Nilufarxon ISMOILOVA
Maktabgacha ta'lim kafedrasi dotsenti