ILM VA MA'RIFAT YO'LIDA FIDOYI USTOZLARGA EHTIROM
30.09.2025 09:56:47 23
Namangan davlat pedagogika institutida 1-oktyabr – "O‘qituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Ertalabdan institut hududi bayram shukuhiga burkandi: talabalar, ustoz va xodimlar bir-birini samimiy tabriklab, mehr va ehtirom ifodasini izhor etdilar.
Tadbir davomida ustoz va murabbiylarga cheksiz minnatdorlik bildirildi, ularning yoshlarga bilim berish va tarbiya berish yo‘lidagi fidoyiligi alohida ta’kidlandi. Institut rahbariyati tomonidan ham barcha ustozlarga bayramona tabrik va ezgu tilaklar yo‘llandi.
Talabalar tomonidan tayyorlangan rang-barang konsert dasturi, she’r va kuy-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan chiqishlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Sahnadagi samimiy ijro, ustozlarga atalgan g‘azal va qo‘shiqlar, iliq tilaklar zalda o‘tirganlarning qalbini to‘lqinlantirdi.
Bayramona tadbir davomida institutning har bir burchagida mehr-oqibat, samimiylik va ustozlarga bo‘lgan hurmat tuyg‘usi hukm surdi. Ushbu kun nafaqat ustozlar, balki barcha ishtirokchilarning yodida yorqin va unutilmas taassurot qoldirdi.