Psixologik trening: xorijiy talabalar uchun yangi tajriba va ijobiy muhit!
24.12.2025 17:22:50 30
Xorijiy talabalar uchun tashkil etilgan psixologik trening mashg‘uloti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i M.Nabijonov tomonidan ochib berildi. U o‘z so‘zida bunday treninglar xorijiy talabalar uchun nafaqat psixologik qo‘llab-quvvatlash, balki ularning yangi muhitga moslashuvi, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish va ijtimoiy faolligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, talabalarning ma’naviy-ruhiy holatini mustahkamlash doimiy e’tiborda bo‘lishini qayd etdi.
Trening davomida psixolog G.Axadjonova tomonidan stressni yengish, o‘z-o‘zini anglash, jamoada samarali muloqot qilishga qaratilgan qiziqarli va interaktiv psixologik mashqlar o‘tkazildi. Mashqlar xorijiy talabalarning faolligini oshirib, ularning bir-biri bilan yanada yaqinlashishiga xizmat qildi.
Shuningdek, tadbirda Xalqaro aloqalar bo‘limi uslubchisi A.Jabborov ham ishtirok etib, xorijiy talabalar bilan ishlash jarayonida olib borilayotgan ishlar va ularning ta’lim muhitiga moslashuvini qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratdi.
Trening doirasida Xorijiy axborot-kutubxona resurslari bilan ishlash bo‘limi mudiri D.Yakubbayeva tomonidan talabalar uchun mo‘ljallangan psixologik hamda ilmiy adabiyotlar, elektron va bosma manbalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Jumladan, talabalarga axborot-kutubxona resurslaridan samarali foydalanish, xorijiy tillardagi ilmiy adabiyotlarni izlash va o‘quv jarayonida ulardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.
Samimiy va ijobiy muhitda o‘tgan trening ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, ularga yangi bilim, foydali ko‘nikmalar hamda ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Oldinda xorijiy talabalar uchun yana ko‘plab mazmunli va foydali tadbirlar rejalashtirilgan. Biz bilan birga bo‘ling!