Bilimlar kunida ilk qo‘ng‘iroq yangradi
05.09.2025 14:55:37 26
Bugun yurtimiz bo‘ylab barcha maktablarda “Bilimlar kuni” keng nishonlanib, yangi o‘quv yili ilk qo‘ng‘iroq sadolari bilan boshlandi. Ushbu qutlug‘ sana nafaqat o‘quvchilar, balki ularning ota-onalari, ustozlari hamda butun xalqimiz uchun eng qadrli va quvonchli kunlardan biridir.

Xususan, Chust tumanidagi 15-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham bayramona kayfiyat hukm surdi. Maktab hovlisi rang-barang sharlar, gullar va shodiyona kuy-qo‘shiqlar bilan bezatilib, yangi o‘quv yili boshlanishini kutib olgan o‘quvchilarning chehrasida quvonch va hayajon aks etdi. Ayniqsa, birinchi sinfga ilk qadam qo‘ygan kichkintoylarning samimiy quvonchi barchada iliq tuyg‘ular uyg‘otdi.
Tadbirda Namangan davlat pedagogika instituti rektori B.Xusanov ishtirok etib, o‘quvchilar va ota-onalar bilan muloqot qildi. U yoshlarni yangi o‘quv yili bilan tabriklar ekan, ularning ma’naviy barkamolligi, jismoniy sog‘lomligi va chuqur bilimli shaxslar bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini alohida ta’kidladi.