English English English

Ustozlar nufuzini oshirishda pedagoglarga taqdim etilayotgan yangi imkoniyatlar

  18.09.2025 08:56:51    5



Ustozlar nufuzini oshirishda pedagoglarga taqdim etilayotgan yangi imkoniyatlar


Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim va yoshlar masalalari Prezidentimiz rahbarligida davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Buning natijasida ko‘plab yangi o‘quv muassasalari qurilib, zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Yoshlarning iqtidoriga mos ravishda ixtisoslashtirilgan bilimlar berilmoqda. Yurtimizda Prezident maktablari, ixtisoslashgan maktablar, sport va ijod maktablari faoliyat yuritayotgani fikrimizni dalillaydi.
Shuningdek, Fan olimpiadalari markazi va xalqaro maktab tashkil etilib, bilimli o‘quvchilarni saralab, xalqaro darajada tarbiyalashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
15-sentabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida bo‘lib o‘tgan videoselektorda Prezidentimiz tomonidan ta’lim sifatini oshirish va o‘qituvchi hamda tarbiyachilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni e’lon qilindi.
Jumladan, 2026-yildan boshlab 15 yildan ortiq mehnat stajiga ega oliy toifali o‘qituvchilar ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25% i davlat tomonidan qoplab beriladi. Davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglarning farzandlari uchun shartnoma to‘loviga 30% chegirma beriladi. Kompyuter xaridi uchun o‘qituvchilarga 10 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 barobarga kamayadi. Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari ham milliy sertifikat olib, har oy 15% ustama oladi. Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, ish boshlaganlarga avtomatik 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi. Dunyo TOP-300 oliygohiga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha ta’lim krediti beriladi. Reytingdagi TOP-100 maktab va bog‘cha, TOP-20 texnikum va TOP-10 oliygoh pedagoglariga samolyot va poyezd chiptalarida 15-20% chegirma beriladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash va ta’lim sifatini oshirish maqsadida ilgari surilgan ushbu tashabbuslari biz, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun ham katta quvonch va ma’naviy kuch bag‘ishlaydi. Bunday ustama va qo‘shimcha imtiyozlarning kengaytirilishi o‘qituvchi shaxsi va mehnatiga bo‘lgan e’tiborning yorqin ifodasidir.
Ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish imkoniyatlarining kengayishi hamda ilmiy daraja va unvonlarga ustamalar belgilanishi oliy ta’lim o‘qituvchilarining shaxsiy rivojlanishiga, yosh avlodga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni berishda ham beqiyos ahamiyatga ega bo‘ladi.
Shuni ta’kidlashni istardimki, bunday islohotlar pedagog maqomini yanada oshirib, ularning jamiyatda munosib o‘rniga ega bo‘lishiga xizmat qiladi. Men o‘z mehnatim bilan bu islohotlarning samarali amalga oshishiga va mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga doim tayyorman.

Abdullayev Akmal Nasriddinovich
Falsafiy va tarixiy fanlar kafedrasi dotsenti