15-MAY – XALQARO IQLIM KUNI
16.05.2026 11:29:45 20
Bugungi kunda iqlim bilan bog’liq bo’lgan muammolar insoniyat oldidagi eng dolzarb global muammolardan biriga aylangan. Jumladan, iqlim o’zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan global iqlim isishi, suv tanqisligi, cho‘llanish, biologik xilma-xillikning kamayishi va ekologik muvozanatning buzilishi kabi muammolar butun dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga solmoqda. Shu bois 15-may sanasi dunyo miqyosida “Xalqaro iqlim kuni” sifatida nishonlanib, atrof-muhitni asrash va barqaror rivojlanish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekiston ham iqlim o‘zgarishi va uning salbiy oqibatlariga qarshi kurashishda faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot"ga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish hamda Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda quyosh va shamol energetikasi jadal rivojlanib, “yashil energetika"ning ulushi sezilarli darajada oshdi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab daraxtlar ekilib, Orolbo‘yida yirik o‘rmonlashtirish ishlari olib borildi. Ekologik toza transport va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali zararli chiqindilarni kamaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Umuman olganda iqlim o’zgarishlariga qarshi kurashish, tabiatni asrash, ekologik madaniyatni yuksaltirish va kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratish har birimizning muhim vazifamizdir. Zero, tabiatga bo‘lgan e’tibor – kelajakka bo‘lgan e’tibordir.