CHEGARASIZ SPORT – xalqaro talabalar festivali davom etmoqda!
12.11.2025 00:25:06 13
Namangan davlat pedagogika institutida mehmon bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasining E.A. Buketov nomidagi Qarag‘anda universiteti delegatsiyasi bugun Uchqo‘rg‘on tumanidagi ixtisoslashtirilgan sport maktabiga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni maktab jamoasi samimiy kutib oldi hamda o‘quv muassasasining sport sohasida kadrlar tayyorlashdagi faoliyati, yutuqlari va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirdi.
Delegatsiya tarkibidagi sportchi talabalar va professor-o‘qituvchilar maktab o‘quvchilari bilan mahorat darslarini o‘tkazishdi, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Maktab maydonida chim ustidagi xokkey va voleybol bo‘yicha do‘stlik uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Bellashuvlar jarayonida o‘quvchilar va talabalarning jismoniy tayyorgarligi, jamoaviy ruh va sportga bo‘lgan muhabbati namoyon bo‘ldi.
Tashrif davomida Uchqo‘rg‘ondagi ixtisoslashtirilgan sport maktabida o‘quvchilarni yetuk sportchilar sifatida tarbiyalash uchun yaratilgan sharoitlar, malakali murabbiylar faoliyati va davlat tomonidan sportga berilayotgan e’tibor alohida ta’kidlandi.
Qozog‘istonlik mehmonlar O‘zbekistonda, ayniqsa olis hududlarda sport sohasining rivojiga berilayotgan imkoniyatlardan katta taassurot oldilar.