"KO‘KSAROY" EKOTURIZM MASKANIGA ILMIY-AMALIY TASHRIF AMALGA OSHIRILDI
04.05.2026 13:25:24 49
Namangan davlat pedagogika instituti Geografiya va iqtisodiy bilim asoslari ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabalari Tabiiy fanlar kafedrasi professor-o‘qituvchilari S.Abduraxmanov hamda M.Qoriyevlar rahbarligida Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay qishlog‘ida joylashgan "Ko‘ksaroy" ekoturizm maskaniga ilmiy-amaliy tashrif amalga oshirdilar.
Ko‘ksaroy ekoturizm maskani Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay qishlog’ining tog‘oldi hududida, Qirg‘iziston chegarasiga yaqin hududda joylashgan bo‘lib, o‘zining betakror tabiati, musaffo havosi va boy landshaft xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Ushbu hudud ekoturizmni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega noyob maskanlardan biri hisoblanadi.
Tashrif davomida talabalar:
- hududning ekoturistik imkoniyatlarini;
- tabiiy-geografik xususiyatlarini;
- tog‘oldi landshaftlari va relyef shakllarini;
- o’simlik va hayvonot dunyosini;
- iqlim omillari, tuproq qoplamini bevosita kuzatib, ilmiy-amaliy tahlillar hamda dala tadqiqot ishlarini olib bordilar.
Ushbu ilmiy-amaliy tashrif talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, ekologik tafakkurini rivojlantirish, tahliliy fikrlash va ilmiy kuzatuv ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, ularda tabiatni asrash va undan oqilona foydalanish mas’uliyatini yanada kuchaytirdi.
Ekoturizm — bu nafaqat sayohat, balki tabiatni anglash va uni asrash madaniyatidir.