“Zamonaviy psixologiyada muammolarga yechim va bugungi kun muammolari” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi
19.06.2025 08:45:13 17
Namangan viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘limi Psixologik taʼminlash guruhi mutaxassis-psixologlari tomonidan “Zamonaviy psixologiyada muammolarga yechim va bugungi kun muammolari” mavzusida seminar-trening mashg‘uloti tashkil etildi.

Unda Namangan viloyatida faoliyat olib borayotgan bir qator hamkor tashkilotlar – Namangan viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi, Milliy gvardiya Namangan viloyati boshqarmasi, Namangan Davlat Universiteti, Namangan Davlat Pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari hamda viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi amaliyotchi psixologlari ishtirok etdilar.
Seminar-trening ishtirokchilari Harbiy orkestr tomonidan jangovar va yurtni madh etuvchi kuylar bilan kutib olindi.
Tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad – fuqarolar, xodimlar va harbiy xizmatchilarni axloqiy-ruhiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik “Memorandumi” talablari ijrosini taʼminlash, zamonaviy psixologiyada yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topish hamda o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida maʼruza va trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Shuningdek, “Poligraf” apparatining taqdimoti ham tashkil etilib, uning ishlash prinsipi, qo‘llash usuli va shakllari, texnik imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar olishdi.
Seminar-trening yakunida faol ishtirok etganlar Namangan viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari tomonidan Boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomalari bilan taqdirlandilar.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati