English English English

“Ta’lim sifatini xohlasangiz o‘qituvchiga tinchlik bering” mavzusida tarqatilgan xabarga munosabat

  27.06.2025 09:09:02    1


2025-yil 26-iyun kuni ijtimoiy tarmoqda Namangan davlat pedagogika instituti xususida salbiy mazmunda post qoldirilgan. Mazkur postga nisbatan institut Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:


“Ta’lim sifatini xohlasangiz o‘qituvchiga tinchlik bering” mavzusida tarqatilgan xabarga munosabat



Birinchidan, institutda o‘quv yili yakuni bo‘yicha tizimda faoliyat olib borayotgan barcha professor-o‘qituvchilar va xodimlar o‘zlariga yuklatilgan o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy-innovatsion, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy sohalarda amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlarini eshitish, tahlil qilish o‘rnatilgan tartib asosida amalga oshirilgan. Bu jarayon institutda ta’lim sifati, ilmiy-innovatsion rivojlanish hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladi.

Ikkinchidan, HEMIS platformasi - oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi bo‘lib, unda asosan, ta’lim olish imkoniyatlari (resurslar), talabalar haqidagi ma’lumotlar, o‘quv va ilmiy faoliyatga oid ma’lumotlar (nashrlar) aks etadi. Unda professor-o‘qituvchilarning o‘quv yili davomida shaxsiy ish rejasi bo‘yicha barcha amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlarni qayd etish imkoniyati mavjud emas.

Uchinchidan, institut rahbariyati tomonidan dars jarayonlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha belgilangan talablar mavjud bo‘lib, ruxsatsiz dars jarayonini buzishga yo‘l qo‘yilmaydi. Institutda tashkil etiladigan tadbirlarning barchasi talabalarni ta’lim, fan, tarbiya jarayonlariga jalb etishga qaratilgan. Bu jarayonlar institutning rasmiy veb-sayti (namspi.uz) va telegramm messenjeridagi kanali (https://t.me/namspii)da aks ettirib boriladi. Professor-o‘qituvchilarga nisbatan ruhiy bosim o‘tkazish holatlari haqidagi ma’lumot ham asosga ega emas.

To‘rtinchidan, institutda professor-o‘qituvchilar va xodimlarga ish haqlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 avgustdagi 245-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti pul mablag‘larini kassali rejalashtirish va boshqarish tartibi to‘g‘risida Nizom”ga asosan to‘lanadi. Institutda ish haqlari va stipendiyalar institut hamkorlik qiladigan bank tomonidan o‘z vaqtida to‘lab berilgani haqidagi ma’lumotlar mazkur bankning ma’lumotlar bazasida qayd etib boriladi. Oylik ish haqlari bank tomonidan professor-o‘qituvchi va xodimlarning plastik kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri, o‘z vaqtida tushirib beriladi.

Beshinchidan, institut ilmiy pedagogik jamoasi mamlakatimizda oliy ma’lumotli pedagog kadrlar tayyorlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni oqilona anglagan holda, fan, ta’lim, tarbiya uzviyligi va uzliksizligiga hamohang tarzda belgilangan vazifalarni mas’uliyat bilan amalga oshirishga mas’ul hisoblanadigan davlat oliy ta’lim muassasasidir. Institut rahbariyati uning faoliyati haqidagi ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlardagi asosli taklif-tavsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi va o‘z navbatida, asoslanmagan, ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan fikr, xabar, axborotlarga qarshi o‘zining pozitsiyasini bayon etadi.

Namangan davlat pedagogika instituti Axborot xizmati