“Kelajakka qadam”: yoshlar tashabbusini amaliy qo‘llab-quvvatlash davom etmoqda
07.08.2025 08:31:42 7
“TalabaExpo–2025” doirasida “Kelajakka qadam” markazi tomonidan bitiruvchi yoshlar uchun kredit, moliyaviy ko‘mak va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan alohida faoliyat yo‘lga qo‘yilgan.

Banklar va moliyaviy institutlar vakillari yosh tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilmoqda. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi bitiruvchilar uchun turli kredit mahsulotlari yuzasidan maslahatlar berilmoqda, hujjat topshirish tartibi, loyihani tahlil qilish mezonlari va moliyaviy mas’uliyat asoslari tushuntirilmoqda.
Tadbir davomida ilgari surilgan bir qator startap g‘oyalar ko‘rib chiqilib, ularning bir nechtasi “Kelajakka qadam” dasturi doirasida moliyalashtirishga tavsiya etildi. Alohida tanlangan loyihalarga 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan summada moliyaviy qo‘llovlarni nazarda tutuvchi vaucherlar tantanali ravishda topshirildi. Bu — yoshlar tashabbusiga real turtki, amaliy natija.
Loyiha mualliflari o‘z tashabbuslarini bank mutaxassislari, investorlar va amaliyotchilar ishtirokida taqdim etmoqda. Moliyalashtirishga tavsiya etilgan startaplar orasida ta’lim, texnologiya, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi loyihalar ham mavjud.
Mazkur faoliyat — bitiruvchiga nafaqat ish, balki o‘z biznesini boshlash imkoniyatini beruvchi tizimli yondashuv namunasidir. “TalabaExpo–2025” yoshlar tashabbusiga asoslangan barqaror kelajak sari qadamlar maydoniga aylanmoqda.