Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi iqtidorli yoshlarning innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2026-yilda “Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida ilmiy g‘oyalar tanlovini
24.02.2026 16:17:54 13
Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi iqtidorli yoshlarning innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2026-yilda “Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida ilmiy g‘oyalar tanlovini tashkil etish shartlari va tanlovning e’lon matni
Tanlovning asosiy maqsadi: Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi innovatsion, ilmiy hamda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish hamda salohiyatli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etishdan iborat.
Mazkur tanlov Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 222-son qarorining 2-ilovasi “Bo‘lajak olim” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomida belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi.
2026-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi iqtidorli yoshlarning innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida o‘tkaziladigan “Bo‘lajak olim” ilmiy g‘oyalar tanlovi bo‘yicha arizalar qabul qilinadi:
“Ilmiy g‘oya” - ilmiy dalil, muammo, faraz, nazariya kabi voqelikni aks ettirish shakllaridan biri bo‘lib, fan taraqqiyotning samarasi, ilmiy kashfiyotlarning natijasi sifatida paydo bo‘ladigan, turli fan sohalarining asosiy tamoyillari, ustuvor qoidalari asosida ishlab chiqilgan loyiha hisoblanadi.
Tanlov ishtirokchilariga qo‘yiladigan talablar:
- Tanlov ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi kerak;
- Tanlov ishtirokchilari yoshi, ilmiy darajasi, unvoni, mansabi va ish joyidan qat’iy nazar 40 yoshdan oshmasligi lozim;
- Ilmiy g‘oya muallifi Qoraqalpog‘iston Respublikasida istiqomat qilishi lozim;
- 1 nafar ishtirokchi 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi lozim.
Tanlovga topshiriladigan ilmiy g‘oyalarga qo‘yiladigan talablar:
- Ilmiy dalil, muammo, faraz, nazariya turli fan sohalarining asosiy tamoyillari, ustuvor qoidalari asosida ishlab chiqilgan loyiha bo‘lishi lozim;
- Ilmiy g‘oya jamiyat va iqtisodiyotdagi ma’lum bir muammoning yechimiga qaratilgan bo‘lishi lozim;
- Ilmiy g‘oyani amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘lar aniq va asoslangan hisob-kitob qilingan bo‘lishi lozim;
- Ilmiy g‘oyaning aniq amalga oshirish mexanizmlari, muddati va dastlabki natijalari ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim;
- Ilmiy g‘oyani amalga oshirishning eng ko‘p muddati bir yilgacha bo‘lishi lozim;
- Tanlovda g‘olib deb topilgan ilmiy g‘oyalar uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida ilmiy g‘oya muallifi va ijrochilariga oylik maosh (ish haqi) ko‘rsatish mumkin emas;
- Topshirilgan ilmiy g‘oyani amalga oshirishga so‘ralgan mablag‘ miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravarigacha bo‘lishi zarur;
- Tanlovda g‘olib deb topilgan ilmiy g‘oyalar uchun ajratilgan mablag‘lar asosida maket va (yoki) prototip yaratish hamda uning bir birlik namunasini Innovatsion rivojlanish agentligi binosining Yoshlar akademiyasi uchun ajratilgan koʻrgazmalar zali (show-room)da joylashtirish lozim;
- Taqdim etilgan ilmiy g‘oyalar tanlov talablariga qatiy rioya qilingan, ilmiy g‘oya materiallari ishonchli va haqqoniy, ko‘chirmachilikka (plagiat) yo‘l qo‘yilmagan, belgilangan talablar asosida shakllantirilgan bo‘lishi lozim;
taqdim etilgan loyihaning ma’lumotlari haqqoniyligi va ishonchliligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga loyiha rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar yuborish:
Tanlov doirasida arizalar 2026-yilning 20-fevral kunidan 2026-yilning 30-aprel kuni soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi.
Tanlovga taqdim etiladigan arizalar belgilangan hujjat shakllari asosida to‘ldirilib, elektron holda “startup.ilmiy.uz” platformasida topshirilishi lozim.
Ariza to‘ldirish uchun na’muna.