NamDPIda korrupsiyadan holi ta’lim muhitini shakllantirish masalasi muhokama qilindi
28.07.2025 08:50:37 30
Namangan davlat pedagogika institutida oliy ta’lim tizimida korrupsiyaviy omillarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, halollik tamoyillarini amalda joriy etish orqali institutni korrupsiyadan holi tashkilotga aylantirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining hududiy boshqarmasi boshlig‘i A. G‘afforov, DXX Namangan viloyati boshqarmasi xodimi, shuningdek, institut rektori B.Xusanov boshchiligida prorektorlar, fakultet dekanlari, bo‘lim va markazlar rahbarlari ishtirok etdilar.
Tadbirda oliy ta’lim tizimidagi korrupsiya holatlari ta’lim sifati va jamiyat ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi. Shu bois ushbu illatga qarshi tizimli chora-tadbirlar ko‘rish, har bir xodimning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, raqamli boshqaruv orqali inson omilini qisqartirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida korrupsiyaning oldini olishda institutda amalda joriy etilgan "Komplayens nazorat", "Halollik vaksinasi" kabi mexanizmlarning samaradorligi tahlil qilinib, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, xodimlar va talabalarda halollik madaniyatini shakllantirish, axborotlar ochiqligini ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, adolat va qonun ustuvorligi prinsiplariga qat’iy amal qilish institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishi ekanligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida institut rektori tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalarning ijrosini qat’iy nazoratga olish, har bir rahbar va xodimning shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.